2018 yilda O‘zbekistonga chet eldan 5,1 milliard dollar o‘tkazilgan, deb xabar bermoqda Markaziy bank. O‘tkazmalar hajmi uch yildan beri o‘sib boryapti - 2016 yilda 3,7 mlrd dollar, 2017 yilda 4,8 mlrd dollar.
Pul, asosan, Rossiyadan yuborilyapti. MB ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda u yerdan 3,9 milliard dollar jo‘natildi. Qozog‘iston ikkinchi o‘rinda - 320 million dollar yuborildi. Ya'ni, birinchi va ikkinchi o‘rin orasidagi farq 10 barobardan ziyod.
Chet eldan pul o‘tkazmalari o‘zbekistonliklar daromadining asosiy manbalaridan biri sanaladi, sababi birlamchi daromadlar hisobining saldosi qisqa muddatli ishchilar daromadlari evaziga musbat bo‘lib, 1,5 mlrd dollarni (2017 yilda 1,2 mlrd dollarni) tashkil qildi.
Birlamchi daromadlar moddasi bo‘yicha qisqa muddatli ishchilar (mehnat migrantlari) tomonidan olingan ish xaqi asosiy manba bo‘lib, 2,9 mlrd dollarni (2017 yilda 2,5 mlrd dollarni) tashkil qildi. Tushumlar yilning II-III choraklarida nisbatan yuqori bo‘lib, mavsumiylikni namoyish qiladi.
Ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi 2017 yilga nisbatan deyarli o‘zgarmagan holda 4,2 mlrd dollarni tashkil etdi.
«2018 yilda ikkilamchi daromadlar o‘sishining turg‘unligi, asosan uzoq muddatli mehnat migrantlarini qabul qiluvchi chet el mamlakatlaridagi shart sharoitlar natijasidir», - deyiladi hisobotda.
Rezident jismoniy shaxslarga (uy xo‘jaliklariga) chet eldan transfert o‘tkazmalari ikkilamchi daromadlarning asosiy qismini tashkil qiladi. Shuningdek, uy xo‘jaliklariga transfert o‘tkazmalari asosan xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari orqali amalga oshiriladi:
Ikkilamchi daromadlarning kelib tushishi ham mavsumiy harakterga ega. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolariga kelib tushuvchi transchegaraviy pul o‘tkazmalarining bir qismi ularning doimiy ravishda chet elda bo‘lgan yoki yashaydigan qarindoshlari tomonidan jo‘natiladi:
MBning ta'kidlashicha, pul o‘tkazmalari amaliyotidan nafaqat norezidentlar (bir yildan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lgan ishchilar) yoki qisqa muddatli ishchilar oilalariga yordam yuborish maqsadida, balki, tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida ham foydalanish mumkin. Shu sababli rezident-jismoniy shaxslarga pul o‘tkazmalari va naqd ko‘rinishda olib kirilgan mablag‘lar miqdori mokkilik eksporti hajmiga kamaytiriladi. Rezident-jismoniy shaxslarning pul o‘tkazmalari va naqd ko‘rinishda olib chiqilgan mablag‘lari hamda mokkilik importi bo‘yicha o‘xshash jarayon qo‘llaniladi.
Bundan oldin, 2018 yilda mokkilik savdosi hajmi 1,08 mlrd dollarga teng bo‘lgani xabar qilingandi.