O‘zbekistonda yanvar-mart oylarida narxlar qanchaga oshgani ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 08:50 / 01.04.2019 14691

2019 yilning mart oyi davomida tovarlar va xizmatlarning iste'mol narxlari o‘rtacha 1,2%ga ko‘tarildi, deb xabar qilmoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-mart oylarida iste'mol bozoridagi tovar va xizmatlar narxi 4,3%ga qimmatlashdi.  2019 yilning yanvar va fevral oylari davomida iste'mol bozoridagi narxlar 1,5% va 1,6%ga oshgan. 

2018 yilning mart oyiga nisbatan respublika iste'mol sektoridagi o‘rtacha narxlar darajasi 13,6%ga ko‘tarilgan 

2019 yilning mart oyida tovarlar narxi o‘rtacha 1,2%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,5%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8%ga oshdi. Xizmatlar esa oy davomida 1,2%ga qimmatlashdi. 

2019 yilning mart oyida oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot hamda sut mahsulotlari guruhiga tegishlidir (narxlar mos ravishda 4,5% va 1,5%ga qimmatlashgan). Tuxum narxlari esa ketma-ket ikki oy davomida arzonlashgan (fevralda 0,2%, mart oyida 1,2%). 

Yil boshiga nisbatan umumiy hisobida meva-sabzavot mahsulotlari uch oy davomida 17,7%ga, jumladan, mevalar 21,9%, sabzavotlar 20,5% va kartoshka 1,3%ga qimmatlashgan. 

2018 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning ko‘tarilish borasidagi keyingi yetakchi o‘rinlarni sut mahsulotlari (8,1%) hamda umumiy ovqatlanish band etgan (8,0%). 

Oy davomida meva-sabzavot mahsulotlaridan karam (15,7%), poliz mahsulotlari (tarvuz 11,1%, qovun 12,7%), pomidor (10,4%), uzum (9,4%), sabzi (7,2%) va piyoz (6,2%) narxlari sezilarli darajada qimmatlashdi. Shu bilan bir qatorda, bodring (3,1%) va kartoshka (0,4 %) narxlarining arzonlashganligi kuzatuv natijalarida qayd etilgan. Kuzatilayotgan boshqa turdagi meva va sabzavot mahsulotlari narxlarida deyarli jiddiy o‘zgarishlar qayd etilmadi. 

2018 yilning dekabr oyiga nisbatan narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchi o‘rinlar uzum (49,5%), tarvuz (45,1%), pomidor (44,6%), qovun (34,1%), karam (26,0%), nok (25,1%), bodring (14,6%) va banan (14,2%) mahsulotlariga tegishlidir. 

Yillik narx o‘zgarishlari tahliliga ko‘ra karam (3,1 baravar), sabzi (2,1 baravar), qovun (37,1%) va tarvuz (34,9%), sitrus hamda quruq mevalar (mos ravishda 17,2% va 17,0%) narxlari boshqalarga nisbatan birmuncha yuqori sur'atda qimmatlashdi. Shular bilan bir qatorda, sarimsoq (41,6%), uzum (33,0%), kartoshka (26,2%), piyoz (19,0%) va olma (18,6%) narxlari arzonlashgan. 

Joriy yilning mart oyi davomida sutli mahsulotlardan sut (2,4%), qatiq, chuchuk qatiq (2,3%), suzma (2,2%), suyultirilgan va kolbasali pishloq (2,1%) hamda qaymoq (1,5%) narxlari qimmatlashdi. 

Ko‘proq yangiliklar: