Bokudagi Haydar Aliyev markazi Kun.uz nigohida (fotojamlanma)

Light 15:16 / 01.04.2019 17305

Ozarboyjonning Boku shahri haqida so‘z ketganda eng avvalo uning me'morchiligi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Shahardagi binolar arxitekturasi bir-biriga o‘xshamaydi, bu madaniy inshootmi yoki turar-joy - bari o‘ziga xos tarzda qurilgan. Mahalliy ekspertlarning ta'kidlashicha, shahardagi noyob inshootlarni qurishda taniqli xorijiy mutaxassislar va arxitektorlar jalb qilingan.

Kun.uz bu safar sizning e'tiboringizni Bokudagi Haydar Aliyev markaziga qaratadi.

Ta'kidlash joizki, Ozarboyjonning har bir shahrida Haydar Aliyev markazi faoliyat ko‘rsatadi. Boku shahridagi ushbu noodatiy arxitekturadagi binoni ko‘zdan kechirar ekansiz, undagi hech bir detalni nazardan qoldirmaslikka harakat qilasiz.

Bu yerdagi Haydar Aliyev madaniy markazi binosi dizayni shu qadar ko‘rkamki, hech bir insonni befarq qoldirmaydi. Binoning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ichki ko‘rinishi ham betakrordir.

Ozarboyjon poytaxtidagi bunday ajoyib loyiha muallifi - britaniyalik me'mor Zaha Hadid. Marhum arxitektorning ajoyib loyihalari soni yildan yilga o‘sib bormoqda va butun dunyo ahlining e'tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

"Men uchun bu yerdan uzilib, qanot yozish imkoni bo‘ldi", - deydi Zaxa Hadid Boku markazidagi madaniyat markazi haqida gap ketganda. Hadidning ushbu ijod mahsuli dunyo bo‘ylab hech qanday muqobilga ega emas.

Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi qurilishi 2006 yilning dekabrida tasdiqlangan, 2007 yilning sentyabrida ilk poydevor qo‘yilgan, 2012 yilning may oyida tantanali ochilish marosimi o‘tkazilgan. 2014 yilda esa Boku shahridagi ushbu madaniyat markazi jahonning eng ko‘rkam binosi sifatida tan olinib, Design of the Year ("Yil dizayni") mukofoti bilan taqdirlangan.

Madaniyat markazi Ozarboyjon Respublikasining uchinchi prezidenti Haydar Aliyev nomini olgan. Majmua hududida dekorativ suv havzalari, sun'iy ko‘l joylashgan, yam-yashil maysalar fonida esa yorqin obektlar ko‘zga tashlanadi.

Markaz binosi 57 ming kvadrat kilometrdan ortiq maydonda joylashgan. Aytishlaricha, bino chizgilari o‘tmishning kelajak bilan aloqasi ramzi hisoblanadi. Bino qurilishi davomida umumiy uzunligi 90 kilometr bo‘lgan temir konstruksiyalar tarmog‘i yaratilgan.

4 gektarli tom montajida maxsus tarkib, turli o‘lcham va shaklli (uchburchak, to‘g‘ri burchak, trapetsiya, parallelogramm) 12 027 ta paneldan foydalanilgan. Inshootning oq rangi yorug‘ kelajak ramzidir. Oq rang tufayli yorug‘lik nurlari binoning yuqori qismiga tushib, binoning muayyan bo‘limlarini yanada ajratib ko‘rsatadi.

Kompleks ichida kutubxona, konsert zali va ko‘rgazma zallari bor.

Madaniyat markazi hududida barcha uyali aloqa operatorlari uchun wi-fi ishlab turibdi.

Haydar Aliyev madaniyat markazining birinchi qavatida kafe joylashgan. Kafening kreslosidan to lampasigacha alohida e'tibor qaratilgan, taomlariga-ku gap yo‘q!

Markaz hududida bir necha doimiy ekspozitsiyalar mavjud. "Mini Ozarboyjon", "Ozarboyjon javohirlari", shuningdek, zamonaviy san'at, avtomobillar ko‘rgazmalari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, alohida shaxslar yoki hodisalarga bag‘ishlangan vaqtinchalik ko‘rgazmalar ham o‘tkaziladi.

"Mini Ozarboyjon" ko‘rgazmasi juda qiziq, unda siz butun mamlakatning sport komplekslari va diqqatga sazovor joylarining mini-binolarini ko‘rishingiz mumkin.

Avtomobillar ko‘rgazmasida g‘aroyib mashinalar bilan birga sizga tanish bo‘lgan avtolarni ham ko‘rasiz.

Inshoot har tomonlama hayratga soladi. Markazning o‘zidan tashqari uning atrofini ham sayr qilishni unutmang.

Xullas, Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi Ozarboyjon va uning poytaxti Bokuga sayohat qilish uchun yana bir sababdir.

Ko‘proq yangiliklar: