"Demirchi" – Ozarboyjonning qadimiy qiyofasi saqlab qolingan maskanlaridan biri (fotojamlanma)

Light 03:11 / 29.03.2019 11869

Ozarboyjonda turistik sektor katta istiqbolga ega, zero mamlakat turizmning ko‘plab turlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlarga ega. So‘nggi yillarda erishilgan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot ushbu sohani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni kashf qildi. Sayyohlik resurslarini muntazam ravishda o‘rganish davomida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, turistlar ehtiyojini qondirish uchun zarur xizmatlarni tashkil qilish va ularni zamonaviy standartlarga muvofiqlashtirish, sanatoriy-kurort imkoniyatlarini kengaytirish, mehmonxonalar va boshqa turistik obektlar sonini oshirish amaliy natijalar beradi. Asosiy maqsad - turizmni iqtisodiyotning  barqaror, samarali va raqobatbardosh sohasiga aylantirish.

Shamaxi tumani "Demirchi" qishlog‘idagi turistik infratuzilmaning yangilanishi, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish va obodonlashtirishga oid ishlarning o‘tkazilishi ham shular jumlasidandir. Kun.uz "Ozarboyjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona ko‘prik" mediaturi doirasida sizlarni qadimiy qishloq bo‘ylab sayohat qilishga taklif etadi.

"Demirchi" – Shamaxining eng qadimiy qishloqlaridan biri, uning tarixi XV asrga borib taqaladi. Qadimda "Gyuneychay" deb atalgan qishloqda temirchilik keng tarqalgani bois bu joy nomi keyinchalik "Demirchi" (Temirchi - o‘zb.)ga o‘zgartirildi.

O‘z vaqtida Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan qishloqda bir necha karvonsaroy bo‘lgan. Biroq keyinchalik "Demirchi"dagi qadimiy binolarning aksariyati, shu jumladan karvonsaroylar buzilgan.

Qiziqarli urf-odatlar va an'analar, o‘ziga xos madaniyatga ega mahalliy xalq ilm-fan va ta'limga katta e'tibor qaratadi. Shu bois so‘nggi yillarda qishloqni tiklash va uning tarixiy qiyofasini saqlab qolish bilan bog‘liq o‘tkazilgan ishlar mamlakatning ushbu noyob yodgorligini asrash va uni kelgusi avlodga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilgan muhim choralardan biridir.

Tiklash ishlari bir necha yo‘nalishda olib borildi va kompleks xarakterga ega bo‘ldi. Birinchi navbatda qishloq masjidi qayta tiklandi. Ozarboyjonning eng qadimiy diniy maskanlaridan biri hisoblangan "Demirchi" masjidi 755 yilda qurilgan va prezident Ilhom Aliyev farmoniga muvofiq qayta tiklangan.

Mahalliy aholi va sayyohlarga qiziq bo‘lishi uchun bu yerda qator loyihalar amalga oshirildi. Bu yerda sayyohlarga turli suvenirlar, amaliy mashg‘ulotlar taklif qilinadi.

Qishloqda, shuningdek, sayyohlarning mazmunli dam olishi va ko‘ngil yozishi uchun qiziqarli joylar tashkillashtirilgan. Ulardan biri bir necha joyda qurilgan tandir hisoblanadi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va uning turmush o‘rtog‘i Mehribon Aliyeva tandir noni bilan mehmon qilingan. Sayyohlarga qishloqning milliy taomlari ham taklif etiladi.

"Demirchi"da Shamaxi tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi eksponatlaridan iborat ko‘rgazma ochildi. Bu eksponatlar Shamaxining qadimiy tarixi haqida keng tasavvur hosil qiladi.

Shuningdek, "Demirchi"da to‘qilib sayyohlarga sotiluvchi gilamlar ham Ozarboyjon gilamlari dong‘ini yanada keng taratmoqda.

 Qishloqda temirchilikni qayta tiklash va bu hunarga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida temirchilar ustaxonasi va rastasi tashkil etilgan.

Shu tariqa "Demirchi" qishlog‘i turistik infratuzilmasida yaratilgan sharoitlar yana bir bor Ozarboyjonning qisqa vaqt ichida turizmni rivojlantirish yo‘lida olib borgan ishlari samarasini namoyish etadi. Bu esa Ozarboyjonning boy qadimiy madaniyati va milliy oshxonasi xilma-xilligi oldida keng imkoniyatlar ochadi.

Ko‘proq yangiliklar: