So‘mning grafik ko‘rinishini joriy etish taklif etilmoqda

Iqtisodiyot 10:39 / 28.03.2019 35645

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekiston milliy valutasi - so‘mning grafik ko‘rinishini joriy etish haqida petitsiya e'lon qilingan.

Qayd etilishicha, mamlakatda so‘nggi yillarda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Hozirgi vaqtda milliy valuta bilan Internet saytlarda va turli onlayn do‘konlarda elektron to‘lovlar amalga oshirilmoqda. So‘m tranzaksiyalarda UZS shaklida ko‘rsatiladi. Shuningdek, supermarketlarda va boshqa savdo nuqtalarida ham so‘m to‘liq yoziladi. 

“Shu sababli boshqa mamlakatlar qatori bizda ham so‘mning grafik ko‘rinishini joriy etish kerak. Misol uchun, Qozog‘istonda tenge ₸ ko‘rinishida, Qirg‘izistonda som ⊆ ko‘rinishida, Yevropa ittifoqida yevro € ko‘rinishida va h.k. So‘mning grafik belgisi joriy qilinsa, matnlarda ham belgilar qisqarib so‘mni yozish qulaylashadi. Peshtaxtalarda narxlar shrifti hajmi kattalashadi”, - deyiladi murojaatda.

“Markaziy bank tomonidan dizaynerlik tanlovini o‘tkazish orqali so‘mning grafik ko‘rinishi loyihasini ishlab chiqishni taklif qilaman”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyun oyi boshlarida so‘mning grafik belgisi paydo bo‘lishi mumkin ekani xabar qilingandi.

O‘shanda bu yangi tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonuni loyihasida nazarda tutilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: