Fitch: O‘zbekiston bank sektorining valuta xatari sezilarli darajada

Iqtisodiyot 17:46 / 28.03.2019 17362

Fitch Ratings 26 mart kuni O‘zbekiston bank sektori rivoji bo‘yicha prognozni e'lon qildi. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, prognoz 2018 yil uchun natijalarni hisobga olib, barqaror bo‘lib qolmoqda, bu aktivlar yaxshi sifati va rentabellikdan darak beradi.

Shu bilan birga, kapitallashuv va likvidlik darajasi past, kreditlashning tez o‘sishi (2018 yilda 51%) va xorijiy valutada kreditlar berish bilan bog‘liq xatarlar mavjud.

Aktivlar sifati yaxshi sanaladi: 2018 yil oxirida sektorda qadrsizlangan kreditlar yalpi kreditlardan 1,3%ni tashkil etgan va kreditlar bo‘yicha yo‘qotishlarga zaxiralar orqali to‘liq qoplangan, deya qayd etadi tahlilchilar.

Sektorda kreditlarning yuqori dollarlashuvi (2018 yil oxirida 56%) hisobga olingan holda, valuta xatari ancha katta sanaladi.

«Kichik korxonalarga berilgan kreditlar, odatda, valuta xatariga ko‘proq uchraydi, sababi davlat mulkidagi yirik kompaniyalarga kreditlar, shu jumladan, sektorda xorijiy valutadagi yirik kreditlar davlat tomonidan kafolatlanadi», - deyiladi xabarda.

Aktivlar sifati bilan bog‘liq bo‘lgan xatarlar ham kichik va o‘rta biznes kompaniyalari orasidagi qarz oluvchilarning cheklangan shaffofligi hamda qarz oluvchilar maksimal qarz yuklamasiga limitlar yo‘qligida chakana kreditlash kuchsiz tartibga solinishi bilan izohlanadi.

Sektorda o‘rtacha kapitalga daromad 2018 yilda 13,5%ni tashkil etdi, sof foiz marjasi 4,4%lik darajada bo‘ldi, bunga Markaziy bank tomonidan qayta moliyalash stavkasi oshirilganidan keyin milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha yuqori foiz stavkalari turtki berdi.

Kreditlashning tezkor o‘sishi davom etishi mumkin, biroq Fitch taxminiga ko‘ra, kapitallashuv minimal darajadan biroz yuqorida bo‘ladi. Sektor likvidligi ham kreditlashning o‘sishi bosimi ostida qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: