AQShning “JOHN DEERE” kompaniyasi vakillari “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lishdi, deb xabar qilmoqda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ matbuot xizmati.
Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari haqida so‘z yuritdi. Ular qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va yaqin istiqboldagi vazifalar xususida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Hozirgi kunda “Agrotexmash-DD” korxonasida “JOHN DEERE” brendi ostida turli rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan 2018 yilda korxonada jami 300 dona traktor va paxta terish mashinalari ishlab chiqarildi. Tayyor mahsulot mamlakatdagi dehqon va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.
– Hozirgi kunda jamiyatimizga qarashli mazkur korxonada “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyati va “JOHN DEERE” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, umumiy qiymati 32,4 million AQSh dollari miqdoridagi 500 dona traktorlarni ishlab chiqarish yuzasidan sa'y-harakatlar qilinmoqda, – deydi “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Muxtor Karimov. – Bu esa, o‘z navbatida, dehqonning og‘irini yengil, hosilining barakali bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashrif doirasida mehmonlar “O‘zKlaasAgro” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.