O‘zbekiston yadroviy infratuzilmani rivojlantirish va kadrlar tayyorlashda «Assystem» bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston 21:38 / 25.03.2019 2319

«O‘zatom» agentligida atom energetikasi bo‘yicha dunyoning eng yirik uch kompaniyasidan biri hisoblangan Fransiyaning «Assystem» kompaniyasi delegatsiyasi a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbiri agentlik matbuot xizmatidan olingan ma'lumotlar asosida shu haqida xabar berdi. 

Atom energetikasi kabi yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi ortidan nafaqat energetika, balki boshqa sohalar ham rivojlanadi. Kadrlarni tayyorlash, mamlakatning qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va qurilish sohalaridagi imkoniyatlari o‘sishi shular jumlasidandir. Xalqaro tajribaning ko‘rsatishicha, mazkur sohaning rivoji ko‘p sohalar rivoji uchun turtki beradi. 

Fransiya kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Frederik Jyenuaning ta'kidlashicha, «Assystem» O‘zbekiston kelajagi uchun xavfsiz va ishonchli uglerodsiz energiya yetkazib berilishini ta'minlashda yadroviy energetika zarurligiga oid tashabbusni qo‘llaydi. Xususan, kompaniya mutaxassislari bilan kelgusidagi hamkorlik uchun salohiyatli sohalar, jumladan, O‘zbekistonning atom energetikasi bo‘yicha kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, Toshkent shahrida mazkur soha mutaxassislari uchun seminar tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. 

Shuningdek, uchrashuv davomida «Assystem» kompaniyasi bilan qo‘shma injiniring korxonasini yaratishga doir imkoniyatlar ko‘rib chiqildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston yadroviy infratuzilmasini rivojlantirish va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlik qilishga doir kelishuvga erishildi. 

Ta'kidlash joizki, «Assystem» kompaniyasi atom energetikasi bo‘yicha eng yirik xalqaro kompaniyalar uchligiga kiradi, kompaniya murakkab va qat'iy boshqaruvga ega yo‘nalishlarda 50 yildan ortiq tajribaga ega. «Assystem» bugunga kelib jahon yadro sohasining yetakchi konsalting va muhandislik kompaniyalaridan biri sifatidan tan olingan. Kompaniya salohiyati «Assystem»ga atom sanoatining har qanday texnologiya yetkazib beruvchisi bilan ishlash imkonini beradi. Yaponiya, BAA, Rossiya, Koreya Respublikasi, Hindiston kabi davlatlar kompaniyalari shular jumlasidandir. 

«Assystem» butun dunyo bo‘ylab 2800 nafar xodimga ega bo‘lib, ular Fransiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Finlyandiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika kabi qator mamlakatlarda yadroviy energetikani faol rivojlantirish yo‘lida xizmat qilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: