2019 yilning yanvar-fevral oylarida respublika korxonalari tomonidan 44,1 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarish indeksi 107,2%ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Jami sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sishining asosiy omili bo‘lib, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash – 4,3%ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat - 8,0%ga, elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalash - 6,9%ga va suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilish – 9,4%ga o‘sishi hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash korxonalari tomonidan 2019 yilning yanvar-fevral oylarida ishlab chiqarilgan mahsulotlari hajmi 8,1 trln so‘mni yoki jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 18,3%ni tashkil etdi.
2019 yilning yanvar-fevral oylarida ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 32,0 trln so‘mni yoki jami sanoat mahsulotlarining 72,5%ini tashkil etdi.
Elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalash korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 3,7 trln so‘mni (jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 8,4%ni) tashkil etdi.
Suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 363,0 mlrd so‘mni (jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 0,8%ni) tashkil etdi.
Tayyor mahsulotlar turlarini kengaytirish va ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan chora-tadbirlar natijasida iste'mol tovarlar ishlab chiqarish hajmi 12,8 trln so‘mni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan 20,8%ga o‘sishni ta'minladi, jami sanoatdagi ulushi esa 29,0%ni tashkil etdi.
Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan 15,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 36,1%ni tashkil etdi.
Respublika sanoat ishlab chiqarish hajmi tarkibida eng ko‘p Toshkent viloyati (respublika sanoat ishlab chiqarish hajmning 15,8%), Toshkent shahri (15,1%), Navoiy (13,8%), Andijon (10,6%), Qashqadaryo (6,8%) va Farg‘ona (5,7%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning taqsimlanish tahlili Navoiy viloyatida (6308,8 ming so‘m), Toshkent shahrida (2672,5 ming so‘m), Toshkent (2416,4 ming so‘m) va Andijon (1540,2 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasi ko‘rsatkichidan (1338,5 ming so‘m) ancha yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
Hisobot davrida kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan 11,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Hisobot davrida kichik korxonalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 27,0%ni tashkil etdi.
Bugungi kunda Respublikada 60,8 mingta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 13,9 mingtasi (mavjud korxonalar umumiy sonining 22,9%) Toshkent shahriga, 6,7 mingtasi (11,0%) Farg‘ona viloyatiga, 6,1 mingtasi (10,1%) - Toshkent viloyatiga to‘gri kelmoqda.