Jahon banki (JB) direktorlar kengashi O‘zbekistonga 200 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratishni ma'qulladi.
Qarz mablag‘lari Farg‘ona vodiysida mikro, kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltiriladi.
«O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni isloh qilish va iqtisodiy o‘sishning yangi dastaklarini izlash zarurligini tan oldi. Hozirda yangi ish o‘rinlari yaratish va daromadlar darajasini oshirish imkonini beradigan xususiy sektor rivojlanishini jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 2017 yilda O‘zbekistonda ish bilan band bo‘lgan barcha fuqarolarning qariyb 78 foizi mikro va kichik korxonalarda, 27 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligida ishlagan. Mikro, kichik va o‘rta korxonalar sektori iqtisodiyotda muhim rol o‘ynab, mamlakat YaIMning 50 foizini yaratadi», - deya ta'kidlab o‘tishgan Jahon bankidan.
Farg‘ona vodiysi - aholining yuqori zichligi bilan ajralib turadigan noyob mintaqa. Bu yerda taxminan 10 million kishi yashaydi, yoki aholining taxminan 30 foizi. Bu hududda, shuningdek, mamlakatdagi kam ta'minlangan fuqarolarning 25 foizi istiqomat qiladi.
Loyiha qishloq joylarda istiqbolli tarmoqlarda ishlayotgan tadbirkorlarga yordam beradi. Masalan, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, hunarmandchilik, qishloq joylarda aholi uchun turli xizmatlar ko‘rsatish, turizm va kichik seriyali ishlab chiqarish.
Jahon banki O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 3,4 milliard dollar bo‘lgan 19ta loyihani amalga oshirmoqda. Ular makroiqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta'lim, shahar iqtisodiyoti, suv ta'minoti va sanitariya sohalarini takomillashtirish orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shmoqda.