Germaniyada O‘zbekiston yoshlari kuni tashkil etildi

Jamiyat 11:06 / 25.03.2019 4261

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi  hamkorligida Germaniya poytaxti Berlin shahrida “Germaniyada O‘zbekiston yoshlari kuni” mavzuida shu yilning 24 mart kuni ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi. 

Tadbirni mamlakatning Germaniya Federativ Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi N.Qosimov ochib berdi. U mamlakatda izchillik bilan amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati hamda uning mazmun-mohiyati haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirar ekan, so‘zi yakunida yurtimiz ahlini yangilanish va yasharish ayyomi Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.  

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasidagi vakili K.Bediyev bugungi kunda mazkur mamlakatda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar va ularning ta'lim jarayonida faolliklari haqida mulohazalarini bildirib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Jamoat tashkilotlari va xorijdagi diaspora vakillari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i O‘.Saidovning tomonidan yurtimizning turistik salohiyati va uning rivojlanish strategiyasi taqdimoti hamda turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videolavha yig‘ilganlarda katta taassurot uyg‘otdi. 

Tadbir davomida ishtirokchilar va tashkilotchilar o‘rtasida uyushtirilgan jonli muloqot ham qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. 

Shu kuni “O‘zbegim” milliy raqs ansamblining chiqishlari, talabalar ishtirokida sahnalashtirilgan “Kelin salom”, aytishuv hamda milliy qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan ko‘rinishlar, elchixona hovlisida o‘tkazilgan arqon tortish milliy o‘yini bugunda xorijda tahsil olib, ertaga o‘z yurti taraqqiyotga munosib hissa qo‘shish istagidagi vatandoshlarni befarq qoldirmadi. 

Vatandan olisda  o‘tkazilgan bu tadbir hamda  bayram dasturxoniga tortilgan milliy taomlar yurt taftini bir zumga bo‘lsa-da, his qilish imkoniyatini berdi. 

Tadbir yakunida ishtirokchilarga  tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: