Abdulla Aripov Jarqo‘rg‘ondagi maktabga o‘z shaxsiy kutubxonasidan kitoblar sovg‘a qildi

O‘zbekiston 14:11 / 25.03.2019 14514

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilishda davlat rahbari aholi, ayniqsa, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish masalasiga to‘xtalar ekan, “Har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta'lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi”, deb ta'kidladi.

Haqiqatdan ham, o‘sib-unib kelayotgan yigit-qizlar jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, ma'lum bir yutuqlarga erishgan kishilarga havas qiladi, ularga o‘xshashga intiladi, ortidan ergashadi. Ular tomonidan sovg‘a qilingan kitoblar albatta o‘qiladi, asrab-avaylanadi, qadrli sovg‘a sanaladi. 

Prezident tashabbusi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov Surxondaryo viloyatiga safari davomida viloyatning Jarqo‘rg‘on tumani Kakaydi qo‘rg‘onidagi 5-maktabda bo‘lib, maktab kutubxonasiga o‘z shaxsiy kutubxonasidan kitoblar sovg‘a qildi.

Ushbu kitoblar maktab o‘quvchilari yanada chuqur bilim olishi, dunyoqarashini kengaytirishi, ma'naviyatini rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

Ko‘proq yangiliklar: