Markaziy bank uchun boshqotirma: O‘zbekiston iqtisodiyotini zararli kreditlarga to‘ldirib tashlashgan

Iqtisodiyot 16:30 / 23.03.2019 120254

2017 yildan boshlab O‘zbekistonning bank sohasida bosqichma-bosqich erkinlashtirish joriy etilmoqda va tijorat banklariga o‘z faoliyatida erkin bo‘lish, mijozlarga yo‘naltirilganligini oshirish, sohada raqobatlashish imkoni yaratilmoqda. Bu o‘zgarishlar — shubhasiz, Markaziy bank xizmatlaridir. Joriy operatsiyalar bo‘yicha konvertatsiya joriy etilishi va naqd pul muomalasiga cheklovlarni olib tashlash kabi islohotlarning amalga oshishida ham bu tashkilotning muhim roli bor.

Biroq, bank sohasidagi islohotlar hanuz o‘z nihoyasiga yetkazilgani yo‘q. Sohaning asosiy muammosi Standard & Poor’s tomonidan yaqinda e'lon qilingan hisobotda aniq va lo‘nda aksini topgan: «O‘zbekiston bank sohasida bank tizimi aktivlarining umumiy 84 foiziga egalik qiluvchi davlat banklari yetakchi o‘ringa ega va unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlash ulushi juda yuqori, bu esa raqobatni cheklaydi va xususiy banklarning kreditbardoshligiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Bundan tashqari, hukumat iqtisodiyotning asosiy sohalariga moliyaviy yordam berish uchun davlat banklarning ko‘pchiligidan foydalanadi».

Xalqaro valuta fondining ilgariroq e'lon qilingan hisoboti yuqorida ta'kidlab o‘tilgan «tashxis»ni to‘ldiradi: «Kredit bozorining kuchli segmentlashgani, 60 foiz kreditlar imtiyozli shartlarda berilayotgani tufayli pul-kredit siyosati vositalarining kreditlash shartlariga ta'siri kuchsizligicha qolmoqda. Garchi MB qayta moliyalash stavkasi milliy valutada tijorat stavkalari bo‘yicha kreditlar berilishiga sezilarli ta'sir o‘tkazsa-da, bu segmentning ulushi jami ajratilgan kreditlarning bor-yo‘g‘i 20 foizini tashkil etadi».

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining (16 foizgacha) oshirilishi va ushlab turilishidan ko‘zlangan maqsad — inflatsiyaga qarshi kurashish ekanligini bir necha bor ta'kidlab o‘tgan. Barchasi mantiqli. Qayta moliyalash stavkasi yuqoriligi kreditlarni qimmat qiladi va shu yo‘l bilan inflatsiyaning bosh sababi bo‘lmish ortiqcha pul emissiyasini cheklaydi.

Biroq ikki xalqaro tashkilotning hisobotidan ko‘ryapmizki, amalda mutlaqo boshqacha siyosat yuritilmoqda: kreditlarning zalvorli qismi imtiyozli shartlarda, ya'ni past foiz stavkasida berilmoqda, bu esa iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari va inflatsiya o‘sishidan yuqori bo‘lgan sezilarli kredit emissiyasiga sabab bo‘ladi. Mana, yuqorida eslatib o‘tilgan XVF hisobotida nima deyilmoqda: «Sentabr oyiga kelib (2018 yil) iqtisodiyotning kreditlashtirilganligi (yillik hisobda) 43,5 foizga oshdi. Yangi kreditlarning 60 foizi hukumat qaroriga ko‘ra berilgan va davlat manbalaridan moliyalashtirilgan…»

Boshqacha qilib aytganda, Markaziy bankning inflatsiyani jilovlash bo‘yicha choralari faqatgina erkin bozorda yuqori foiz stavkalarida berilayotgan kreditlargagina taalluqli bo‘lib qolmoqda. Boshqa kreditlar esa hamon bozordan tashqari, past foizlarda berilishda davom etmoqda.

Bu nimani bildiradi?

1. Markaziy bank pul emissiyasini nazorat qilmayapti va inflatsiyani jilovlashga qodir emas. Inflatsiyaning asosiy sababi bartaraf etilmayapti, bu esa mamlakat iqtisodiyoti va aholi daromadlariga ulkan ziyon yetkazadi.

2. Davlat banklari tomonidan imtiyozli foiz stavkalari bilan berilayotgan kreditlarning ikkinchi tomoni bozor shart-sharoitlarida kredit olayotgan xususiy sektor uchun yuqori foiz stavkalari bo‘ladi. Kimdir past foiz stavkasida pulni qarzga olsa, jamiyat uchun bu tekinga tushadi, deyish — illyuziya. Hamma narsa uchun to‘lash kerak bo‘ladi. Mazkur holatda davlat banklarining «saxiyligi» uchun quyidagilar tovon to‘lashadi:

a) soliq to‘lovchilar (agar imtiyozli kreditlar budjetdan yoki budjetdan tashqari davlat jamg‘armalaridan subsidiya qilinsa);

b) tijorat krediti oluvchilar (arzon pullar hammaga ham yetmaydi, shu sababli imtiyozsiz kreditlarning stavkalari juda yuqori bo‘ladi).

Boshqacha qilib aytganda, bozor shartlarida kredit oluvchilar o‘zi uchun ham, imtiyozli kredit olgan «anavi amaki uchun ham» foiz to‘lashadi.

3. Imtiyozli kreditlar taqdim etishning mavjud amaliyoti biznes yuritish uchun teng bo‘lmagan sharoitlar yaratadi, raqobat muhitini barbod qiladi. Axir imtiyozli shartlarda kredit oluvchi korxonalar olgan kreditlari bo‘yicha yuqori foiz stavkalari to‘lashga majbur korxonalardan raqobatda ustunlikka ega bo‘ladi, yoki ikkinchi korxona to‘lov qobiliyati past bo‘lgani uchun kreditdan voz kechishi kerak bo‘ladi. Pirovard natijada, bozorda raqobatbardosh korxona emas, «kimidir bor» korxona ustunlikka ega bo‘ladi.

Alal-oqibatda, imtiyozli kredit olgandan bo‘lak jabr chekuvchi hamma bo‘ladi. Jumladan:

  • Butun aholi va biznes — yuqori inflatsiya tufayli;
  • Raqobatbardosh bo‘lmagan korxonalarning sifatsiz va qimmat mahsulotlarini sotib olishga majbur bo‘lgan iste'molchilar;
  • Past raqobat muhitida korxonalarimizning ishchi kuchiga talabi va taklif etilayotgan maoshlar o‘ta past bo‘lgani sababli — yollanma ishchilar;
  • Qimmat kreditlar tufayli o‘z biznesini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan xususiy tadbirkorlar;
  • Iqtisodiyotning raqobatbardosh emasligi tufayli soliqlarga to‘laqonli ega bo‘lmayotgan va samarasiz korxonalarni subsiyadilashga budjet mablag‘larini sarflayotgan davlat.

Bunday vaziyatda nimalar qilmoq kerak?

1. Mamlakat hukumati (arzon kredit emissiyasining bosh manbasi sifatida) «o‘ziga tegishli» korxonalarni imtiyozli kreditlar bilan qo‘llab-quvvatlashdek nooqilona siyosatdan voz kechishi kerak. Kreditlar (o‘ta kamyob istisnolar bilan) faqat va faqat bozor shartlarida ajratilishi lozim. Faqat shu yo‘l bilan inflatsiyani jilovlash, biznes uchun teng sharoitlar yaratish va bozor foiz stavkasini pasaytirish mumkin.

2. Davlat banklarini restrukturizatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini boshlash kerak. Davlatga tijorat banklari va bank tizimining 84 foiz aktivlariga egalik qilish nega kerak? Davlat banklarining xususiylashtirilishi bir vaqtning o‘zida bank sohasida raqobatni kuchaytiradi va budjetni to‘ldiradi. Albatta, bu yerda xususiylashtirish faqat «o‘zinikilar»ga bo‘lmasligiga alohida e'tibor qilish kerak. Buning uchun xususiylashtirish jarayoni:

a) astoydil tayyorlanishi;

b) o‘ta shaffof bo‘lishi;

v) «aktivlar kim ko‘p to‘lasa — o‘shanga beriladi», tamoyili asosida faqat ochiq savdolarda o‘tkazilishi kerak.

3. Markaziy bank sohada raqobatni rivojlantirish va o‘z ishida shaffoflikni yanada oshirish yo‘nalishida bank islohotlarini davom ettirishi kerak. Xususan, sohaga yangi o‘yinchilar, jumladan, xorijiy moliyaviy tashkilotlar qo‘shilishi uchun sharoitlar yaratilishi lozim. Hozircha, avvalo mavjud noshaffof litsenziyalash tizimi tufayli yangi o‘yinchilar bozorga qo‘shilishga shoshilishmayapti. Raqobatni rivojlantirish uchun ilgari va'da qilingan kredit uyushmalarining ishlashiga imkoniyat yaratilishi ham turtki berar edi.

MB ishining shaffofligi masalasida yana bir jihat.

20 mart kuni Telegram’da Markaziy bankning «Valuta birjasi (O‘zRVB) savdolarida yo‘l qo‘yilgan muntazam qoidabuzarliklar sababli bir qator tijorat banklarining savdolardagi ishtiroki vaziyat aniqlashtirib olinguniga qadar vaqtinchalik to‘xtatildi», mazmunidagi xabari tarqatildi. Bu qanday qoidabuzarliklar ekanligi va nega buning uchun banklarning savdolarda ishtiroki to‘xtatilishi kerakligiga xabarning o‘zida ham, MB rasmiy saytida ham tushuntirish berilmgan. Bu maqola yozilayotgan chog‘da (21 mart kuni ertalab) MBning rasmiy saytida bu xabar rasman joylashtirilmagan ham edi.

Bu voqea, to‘g‘risini aytganda, juda qo‘rqinchli ko‘rinmoqda va konvertatsiyani cheklash maqsadida valuta bozoriga kirishni to‘sishga o‘xshab ko‘rinmoqda. Juda umid qilamanki, unday bo‘lib chiqmaydi va MB boshqa maqsadlarda bu ishni amalga oshirgan bo‘lib chiqadi.

Yuliy Yusupov

P.S. O‘zRVBda savdolarida cheklov «Hamkorbank», «Turkiston bank», «Haytek bank», «Universal bank», «Invest finans bank», «Ipak Yo‘li Bank», «Savdogarbank», «Trast bank», «Aziya Alyans bank» kabi tijorat banklariga nisbatan qo‘llangan edi. Hozircha «Invest Finans bank» ,«Ipak Yo‘li Bank» va «Trast bank»dan cheklov olib tashlangani haqida xabar qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: