O‘zbekistonda Turkiyaning «Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.» kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 240 MVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan issiqlik elektrstansiyasini qurish rejalashtirilmoqda. Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan olingan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov «Cengiz Holding» kompaniyasi ta'sischisi va boshqaruvi raisi Mehmet Jyengiz boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Energetika vazirligi va «Cengiz Energy» kompaniyasi o‘rtasida quvvati 240 MVt bo‘lgan IES qurilishini loyihasini davlat-xususiy sherikchilik asosida qurishga doir bitim imzolandi.
Kombinatsiyalashgan issiqlik elektr stansiyasi quriladigan joy sifatida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Quyimozor suv ombori yaqinidagi hudud tanlangan.
Tabiiy gazda ishlovchi issiqlik elektrstansiyasi GE (AQSh) da ishlab chiqarilgan gaz turbinasi va Siemens (Germaniya) kompaniyasida tayyorlangan bug‘ trubinasini o‘z ichiga oladi.
“O‘zbekiston Respublikasining Buxoro viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan IES qurish loyihasini amalga oshirish” bo‘yicha bitim joriy yilning 19 fevral kuni Energetika vazirligi va «Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.» kompaniyasi o‘rtasida imzolangan edi.
Ta'kidlash joizki, Buxoro viloyatida quvvati 240 MVt ga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurib foydalanishga topshirilishi mazkur hududda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish bilan birga magistral elektr tarmoqlari orqali energiya yetkazib berishda yo‘l qo‘yiladigan texnik yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.