Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov Vengriya poytaxti Budapeshtda bo‘lgan vengr-o‘zbek iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida hamda biznes-forumda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va Vengriya vazirliklari, uyushmalari hamda kompaniyalari vakillari turli sohalarda, jumladan, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, chorvachilik, qurilish, ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Biznes-forumda Vengriyaning yetakchi tadbirkor va ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, “SLA AKKU” ilmiy-tadqiqot kompaniyasi vakillari bilan qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun batareyalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, “MULTIMEX” kompaniyasi bilan mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlarida navbatni elektron boshqaruv tizimini O‘zbekistonga joriy etish, “Central Europe Trust” kompaniyasi bilan Vengriyaning venchur kompaniyalarining tajribasini o‘rganish, “CERP” innovatsion klasteri bilan plastik chiqindilarni qayta ishlash korxonasini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining faoliyati borasida taqdimot o‘tkazdi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish tendensiyalari, iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish uchun innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi HUN-BAS INVEST Kft kompaniyasi bilan uy hayvonlariga ozuqa yem ishlab chiqarish bo‘yicha hamda qishloq xo‘jaligi uskunalari ishlab chiqaruvchi “HEVESGEP” kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar yordamida urug‘larni samarali va sifatli saqlash tizimini O‘zbekistonda shakllantirish to‘g‘risida memorandumlar imzoladi.