Bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi (O‘zRFA) O‘simlik moddalari kimyosi institutida uch moduldan iborat, O‘zbekistonda GMP talablari bo‘yicha dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini sinash ilmiy-texnologik markazi ochildi. Tadbirda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zRFA prezidenti Behzod Yo‘ldoshev, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda akademiklar, yetakchi olimlar va xorijiy hamkorlar ishtirok etishdi. Fanlar Akademiyasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi.
Ushbu markaz tomonidan O‘simlik moddalari kimyosi instituti hamda mamlakat ilmiy markazlari va muassasalari olimlarining fundamental izlanishlari natijasida yaratilgan innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish va keyinchalik farmatsevtik korxonalarga 40 ga yaqin import o‘rnini bosuvchi va eksportbop dori vositalari va generik substansiyalarni ishlab chiqarish texnologiyalarini topshiriladi.
Markazning yana bir muhim vazifasi - dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqarishning uch texnologik liniyasini tashkillashtirish. Bular o‘simlik xomashyosidan alkaloid, neytral tabiatga ega modifikatsiyalangan tabiiy birikmalarni ishlab chiqarish bo‘lib, O‘zbekiston hududidagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bustonlik-farm”, “Parkent-farm” va boshqa hududlarda ishlab chiqarish korxonalarini tashkillashtirish uchun texnik-iqtisodiy bazani tayyorlash uchun xizmat qiladi.
Bundan tashqari, markaz dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqaruvchi farmatsevtik korxonalar xodimlarining malakasini oshirish hamda GMP sharoitlarida ishlay oladigan kadrlar tayyorlanuvchi maskan ham bo‘ladi.
Ilmiy-tadqiqot markazi yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, mahalliy farmatsevtik korxonalarni dori substansiyalari bilan ta'minlash barobarida ishlab chiqarish quvvatining oshirilishi va xalqaro talablarga javob berishi yo‘lida xizmat qiladi. Bu esa ishlab chiqarish quvvatini 5 baravarga, eksport hajmini esa 2 baravarga (moliyaviy ko‘rsatkichda 5 mln AQSh dollari miqdorida) oshirish imkonini beradi.