«MIB qayta tashkil etilmaydi». Bosh prokuratura OAVda tarqalgan xabarni ​rad etdi

O‘zbekiston 19:34 / 17.03.2019 77882

Bosh prokuratura ​huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkiliy tuzilmasi o‘zgarishi haqida ma'lumot mavjud emas. Shuningdek, OAVda tarqagan xabarlar asosga ega emas. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi. 

«Ayrim internet-nashrlarda e'lon kilingan ma'lumotlarda Byuro faoliyatidan aholi norozi bo‘layotgani uchun uni tugatish, Bosh prokuratura tasarrufidan chiqarib, O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tasarrufiga o‘tkazish yoki boshqa mustaqil tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatishi lozimligi kabi xech bir rasmiy asosga tayanmagan fikrlar bayon kilingan», — deya ta'kidlanadi rasmiy axborotda. 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Surayyo Rahmonovaning Kun.uz'ga bildirishicha, ​ayrim OAV Byuro faoliyatiga doir ma'lumotlarni joylashtirishda amaldagi qonunchilik talablarini inobatga olmayapti.

Ta'minotchi korxonalar tomonidan yetarli choralar ko‘rilmaganligi oqibatida iste'molchilarning shartnoma majburiyatlariga rioya etishi lozim darajada ta'minlanmagani, iste'mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlarni muntazam ravishda amalga oshirmagani, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgandi.

Ma'lum qilinishicha, Adliya vazirligi huzuridagi sobiq Sud departamentining 2015 yil noyabr oyidan 2017 yilning iyun oyiga qadar bo‘lgan 19 oylik faoliyatida 17,8 trln. so‘m undirilgan bo‘lsa, Byuro faoliyatining 19 oylik (2017 yil iyun-2018 yil dekabr) davrida 26,3 trln. so‘m undiruv amalga oshirildi va Byuro davrida undiruv 48 foizga o‘sgan. Hozirda Byuroning 1 nafar davlat inspektori «O‘zbekenergo», «O‘ztransgaz» va suv ta'minoti korxonalarini o‘rtacha 6 nafar nazoratchisining  ish hajmini bajarmoqda.

Xuddi shunday, Byuro organlari tashkil etilganidan buyon hozirga qadar energiya resurslari va suv iste'moli sohasida 42 trln. so‘m (gaz – 19,8 trln., elektr – 21,5 trln., suv – 1,2 trln.) so‘m mablag‘ undirildi.

Bu ko‘rsatkich, Byuro tashkil etilmasdan oldingi ko‘rsatkichga (2015 yil noyabr-2017 yil may) nisbatan (17,2 trln.) 21,3 trln. so‘mga yoki 100 foizga ko‘p undirilganini anglatadi.

«Huquqbuzarliklarni fosh etish bo‘yicha energiya resurslari va suv ta'minotidan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha 1 trln. 111 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, 780 dan ziyod jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Albatta, to‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta'minlash kabi vazifalarini bajarish Byuro xodimlariga oson kechmayapti.

Birgina, o‘tgan 2018 yilda Byuro xodimlariga nisbatan 167 ta xizmat vazifasini bajarishga to‘sqinlik qilish  holatlari aniqlangan», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

 Afsuski, hatto xodimlarining 2 nafari o‘z vazifasini bajarish vaqtida ​vafot etgan.

​Shunga qaramay, Byuro o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan yoki nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan xodimlarga nisbatan ham murosasiz munosabatda bo‘lib kelmoqda.

Ta'kidlanishicha, Byuro tashkil topgandan hozirga qadar 1 ming nafardan ziyod bo‘shatilgan xodimlarning 570 nafardan ortig‘i, aynan xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan sababli vazifasidan ozod etilgan.

«Byuroda  sohadagi aniq mexanizm, ish samaradorligi, mehnat taqsimoti hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniyligi ta'minlash borasida, avval bo‘lmagan bir qator zamonaviy kompleksli dasturlar «MIB portal», «MIB inspektor» va hisobotlarning yagona portali kabi yangi Dasturiy tizimlar yaratilgan. Hozirda, bu kabi yangicha dasturiy tizimlar Byuro faoliyatiga tatbiq etish jarayoni davom etmoqda», — deya qo‘shimcha qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: