Milliard dona kapalak Yerdagi bir joyda to‘plangan: Meksikadagi monarx kapalaklari qo‘riqxonasi

Light 16:54 / 16.03.2019 10134

Kapalaklar orasidagi migratsiya qanotlilardagi kabi tez-tez uchramaydi. Shunga qaramay, sayyoramizda u yoki bu shaklda migratsion xulq-atvorga ega 200 turdan ortiq kapalaklar yashaydi. Har yili janubga migratsiya qilib, keyin ortga qaytadigan kapalaklar orasida eng mashhuri danaida monarx sanaladi. Aynan shu kapalak turi uchun qo‘riqxona tashkil qilingan.

Bu g‘aroyib kapalaklar Shimoliy va Janubiy Amerikada juda ko‘p. Yer sharining boshqa mintaqalarida ham uchraydi. Bu turning eng ko‘p o‘rganilgani Shimoliy Amerikada yashaydigani bo‘lib, u har yili janubga uchadi. Mazkur kapalaklar yoz faslini AQSh shimoli-sharqi va Kanadaning janubi-sharqida o‘tkazadi. Sovuq tushishi bilan bir gala bo‘lib, janubga tomon harakatlanishadi. U yerda oktyabrdan martga qadar qishlaydilar. Kapalaklarning ko‘p qismi qishni markaziy Meksika, Mexiko va Michoakan shtatlari hududida o‘tkazadi. Unchalik katta bo‘lmagan qismi esa Kaliforniyada qishlaydi. Meksikada qishlash davrida ayrim yillari milliard dona danaida monarx to‘planadi. Biologlar o‘rmon bilan qoplangan tog‘ hududi kapalaklarning qishlash joyi ekanini sezishgach, g‘aroyib ekotizimni saqlash imkonini beradigan qo‘riqxona tashkil qilishga qaror qilindi. Shunday qilib, Meksikaning faxri – monarx kapalaklarining biosfera qo‘riqxonasi paydo bo‘ldi.

Kapalaklar daraxtlarga joylashib, bu yerda qish bo‘yi qolishadi. Tog‘li tuman bo‘lgani sabab tunda ob-havo harorati past bo‘ladi. Afsuski, ushbu holat kapalaklar ma'lum miqdorining nobud bo‘lishiga olib keladi. Shunga qaramay, ularning katta qismi qishdan yaxshi chiqib oladi va mart oyida 3-4 ming kilometr uzoqlikdagi sayohatga otlanadi.

Eng hayratlanarli jihati – ularning katta masofani bosib o‘tishi emas, mazkur kapalaklarning hayot kechirish muddati 2 oydan oshmaydi. Ya'ni ushbu kapalaklar bir avlod davrida ikki tomonga migratsiyani amalga oshiradigan rekord darajada uzoq umr ko‘ruvchilar sanalmaydi. Bahorda Meksikadan uchib chiqqan kapalaklar AQSh janubiga kelganida tuxum qo‘yadi. Ikki haftalik oziqlanish va ikki haftalik g‘umbak davridan o‘tib, sayohat qiluvchi kapalaklarning yangi avlodi dunyoga keladi. Ular yana ko‘payishni boshlaydi. Bu jarayon issiq davr vaqtida bir necha marta takrorlanadi. Ana shu yerda g‘aroyib metamorfoza sodir bo‘ladi.

Sayohat qiluvchi kapalaklarning so‘nggi avlodi diabez nomli reproduktiv bosqichga o‘tadi. Bunday holat ularga rejalashtirilgan ikki oy o‘rniga 6-7 oy yashash imkonini beradi. Ushbu vaqt davomida kapalaklar Meksikadagi qo‘riqxonaga uchib kelish, u yerda bahorgacha yashab, kapalaklarning yangi avlodiga hayot berish uchun ortga qaytishga ulguradi.

Yangi tug‘ilgan kapalaklar ko‘payish va qishlash uchun qayerga uchishni qanday qilib bilishlari mumkinligi turli savollar uyg‘otadi. Qushlarda migratsiya yo‘llarini tajribali yo‘lboshlovchilar bilsa, doimiy ravishda yangilanadigan kapalaklar misolida esa to‘g‘ri yo‘nalish olish uzoq yillar davomida jumboq bo‘lgan. Bir necha yil ilgari entomologlar danaida monarx ham qushlar kabi quyosh va sayyoramizning magnit maydoni yordamida yo‘nalish olishini aniqlashdi.

Bu kabi sayohatchilar sayyoraning boshqa mintaqalarida ham yashaydi. Afrika, Avstraliya, Yevropa, Madagaskar oroli va Hindistonning ham migratsiya qiluvchi o‘z kapalaklari mavjud.

Ko‘proq yangiliklar: