Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari miqdori ma'lum qilindi

O‘zbekiston 16:21 / 15.03.2019 66861

2018 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 4 milliard dollar miqdorida pul jo‘natmalari yuborildi. Bundan Rossiya Markaziy banki ma'lumotlari darak bermoqda. Ushbu ko‘rsatkichga ko‘ra, O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida birinchi o‘rinni (ikkinchi o‘rinda Tojikiston - 2,5 milliard dollar) va barcha mamlakatlar orasida ikkinchi o‘rinni (birinchi Shveytsariya - 9,1 milliard dollar) egallab turibdi.

O‘zbekistonga bir pul jo‘natmasining o‘rtacha miqdori 366 dollarni tashkil etdi. Jami 4 milliard dollardan faqat 1,1 milliard dollar Rossiya Federatsiyasi rezidentlari tomonidan jo‘natildi, qolgan 2,9 mlrd dollar norezidentlar (O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar fuqarolari) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Rossiyaga 2018 yilda O‘zbekistondan deyarli 10 barobar kam pul o‘tkazmasi jo‘natildi - 397 million dollar. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi (Qirg‘iziston, Armaniston va Qozog‘istondan keyin). Rossiyaga bir pul o‘tkazmasining o‘rtacha miqdori 943 dollarni tashkil etdi.

O‘tgan yillar bilan taqqoslaganda, Rossiyadan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari miqdori ortib borayotganini ko‘rish mumkin - 2017 yilda 3,9 milliard dollar, 2016 yilda - 2,7 milliard dollar, 2015 yilda - 3 milliard dollar. Eng katta ko‘rsatkich 2014 yilga to‘g‘ri keldi - 5,6 milliard dollar.

Bundan oldin, Rossiya 4 davlatdan kelgan migrantlar hisobidan aholi sonini oshirmoqchi ekani, ular orasida O‘zbekiston ham borligi xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: