Madaniyat vaziri o‘rinbosari: Tuproqqal'a bo‘yicha ko‘rsatma bergan odam javobgarlikka tortiladi

O‘zbekiston 12:28 / 15.03.2019 27606

Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan Tuproqqal'a madaniy obektida yollanma ishchilar tomonidan qurilish ishlari olib borilayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgan edi. Mazkur holat bo‘yicha Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova Kun.uzʼga bergan intervyusida munosabat bildirdi.

─ Tuproqqal'adagi qurilish ishlari endigina boshlangan ekan. Kecha bu haqida xabarlar chiqishi bilanoq ishlar o‘z joyida to‘xtatildi.

Madaniy obektlar bilan ishlashda yaxlit tizimning mavjud emasligi ko‘p hollarda pand beryapti. Biz har bir obektni ilmiy-metodik kengash muhokamasidan o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Lekin mahalliy inspeksiya yana o‘zboshimchalik bilan ish olib borgan. Bu ish uchun ko‘rsatma bergan odamni aniqlashtirishga harakat qilyapmiz. Bu shaxs, albatta, tegishli tartibda javob beradi. Yaxshilikcha tushuntirganda xodimlar tushunmayaptimi, endi bunday holatlarga qat'iy chora ko‘rmasak bo‘lmaydi.

Oqilovaga ko‘ra, Tuproqqal'a kabi butun jahonga tanilgan shaharchaning konservatsiya qilinishi juda muhim masala, vazirlik buning ahamiyatini juda yaxshi tushunadi.

«Restavratsiya, konservatsiya bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bizga avvalambor o‘z loyihasini taqdim etishi kerak. Mana obektning ilgarigi, hozirgi va restavratsiyadan keyin bo‘lishi kutilayotgan ahvoli, deb rejasini ko‘rsatsin», — deya ta'kidladi vazir o‘rinbosari.

Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova

Ma'lumot uchun, Tuproqqal'a milodiy 3-4 asrlarda zamonaviy O‘zbekiston hududida qad rostlagan shahar qal'asi hisoblanadi.

Hozirgi Beruniy shahri atrofidagi hududida joylashgan tarixiy maydon 1938-1950 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilgan. Tuproqqal'adan jun, shoyi, ip gazlama parchalari, bo‘yra, rangli gilam, haykal bo‘laklari, sopol buyumlar va Kushon davlatiga tegishli tangalar topilgan. Qal'a sug‘orish inshootlarining buzilishi, harbiy to‘qnashuvlar natijasida xarobaga aylangan.

Ko‘proq yangiliklar: