Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari telefon orqali muloqotda chegarada yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilishdi

Jahon 20:58 / 14.03.2019 23107

Bugun Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Qirg‘iziston prezidenti Sooranbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, ikki davlat rahbarlari tojik-qirg‘iz munosabatlari masalalarini muhokama qilishgan va 13 mart kuni ikki davlat chegarasida yuzaga kelgan vaziyatga alohida e'tibor qaratishgan.

"Prezidentlar tegishli organlarga insonlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan voqea bo‘yicha jiddiy tekshiruv o‘tkazish hamda nizoni muzokara yo‘li bilan hal qilish yuzasidan topshiriq berishga kelishib oldilar", - deyiladi Tojikiston prezidenti saytida.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, Sooronbay Jeenbekov va Emomali Rahmon xolis tekshiruv o‘tkazish va kelgusida bunday voqealar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shma komissiya tuzish zarurligini qayd etishgan.

"Prezidentlar asriy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga ega ikki davlat xalqlari faqatgina tinch va ahil yashashi kerak degan yakdil fikrni bildirishdi", - deyiladi Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi rasmiy bayonotida aytilishicha, 13 mart kuni Qirg‘iziston tomoni o‘zaro kelishuvlarga qaramay, Vorux jamoatida mojaroga sabab bo‘lgan «Ko‘ktosh-Oqsoy-Tamdik» yo‘li qurilishini boshlagan. 

Bayonotga ko‘ra, Qirg‘iziston tomoni aholiga qarshi o‘qotar qurollardan foydalangan va 30 nafar tojikistonlikni garovga olgan.

Garovdagilarning taqdiri haqida bayonotda hech narsa deyilmagan, biroq «AP»ning Vorux aholisiga asosan xabar berishicha, ular Qirg‘iziston fuqarosi bilan almashtirilgan.

Shuningdek, Tojikiston MXDQ o‘z bayonotida 43 yoshli Husayn Hakimov halok bo‘lganini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: