Suares «sho‘ng‘idi», VAR yordam bermadi. Fransuzlar UYeFAdan izoh kutmoqda

Sport 11:00 / 14.03.2019 14288

Chempionlar ligasining 1/8 finalida «Barselona» va «Lion» o‘rtasidagi o‘yinda (5:1) UYeFA prezidenti Aleksandr Cheferin qo‘rqqan hodisa sodir bo‘ldi. U avvalboshdan YeChLda videotakrorlarni joriy etishni istamagandi. Bu tizim esa turnirning pley-offdagi deyarli har o‘yinida mojaroga sabab bo‘lmoqda.

Hozirda uchrashuv bosh hakami Shimon Marchinyakning qarorini muhokama qilish to‘xtamayapti. Kimdir bosh hakam ham, videohakam Pavel Rachkovski ham xato qilgani, videohakam yordamchisi Pavel Gil ham ularga yordam bermaganini aytmoqda. Fransuz nashrlarida tarqalgan xabarga ko‘ra esa, texnik muammo yuzaga kelgan hamda VAR va hakam «Lion» jarima maydonida nima bo‘lganini aniq tahlil qilishi imkoni bo‘lmagan.

Gap shundaki, o‘yinning 16-daqiqasi o‘tib borayotgan mahalda «Barselona» hujumchisi Luis Suares raqib jarima maydonida Jyeyson Denayyer bilan kontaktdan keyin chiroyli yiqildi. Bu vaziyatda uning o‘zi raqib himoyachisining oyog‘ini bosib olgandi, o‘yindan keyin uning o‘zi ham buni tasdiqladi. Marchinyak fransuzlar futbolchisi fol ishlatdi, deb topdi va 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Uning qaroriga videoreferi Rachkovski ham qo‘shildi - u bu vaziyatda hakamning qarorida xato ko‘rmadi hamda unga ekrandagi takroriy lavhani ko‘rib chiqishni taklif etmadi. Yoki yuqorida aytilganidek texnik sabab tufayli videoyozuvni ko‘rsatishning imkoni bo‘lmagan.

Natijada «Barselona» hisobni ochdi, Lionel Messi «panenka» zarbasini ijro etib, to‘pni darvozaga chiroyli tarzda joyladi.

«Menimcha, uni tasodifan bosib oldim va darhol muvozanatni yo‘qotdim... Ammo penalti belgilash qarorini hakam qabul qiladi», deya vaziyatga baho berdi Suaresning o‘zi.

«Hakam menga o‘z qarori to‘g‘riligiga shubha qilmayotganini aytgandi», dedi o‘yindan keyin Denayyer Suaresga fol ishlatmaganini ta'kidlab.

Fransiyadagi nufuzli L'Equipe nashri o‘yin bosh hakami Marchinyakning ishiga 10 balli tizimda 2 ball qo‘ydi. Ha, fransuz jurnalistlari «Lion»ning mag‘lubiyatidan alamzada, lekin ular murabbiyning bahosini juda ham ko‘p tushirib yuborishmagan.

Endi Yevropa sudyalar korpusi rahbari Roberto Rozetti polshalik hakamlar ishiga qanday izoh berarkan? Bungacha italiyalik sobiq hakam Chempionlar ligasi pley-offida 3ta o‘yindan keyin videohakamlarning qarorlariga izoh berib o‘tgandi.

Ko‘proq yangiliklar: