O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.
Monitoring mohiyati eksport narxlar shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatishdan iborat. Meva-sabzavotlarning 38 ta pozitsiyasi va to‘qimachilik mahsulotlarining 147 ta pozitsiyasi bo‘yicha «tavsiya etiladigan» eksport narxlarni belgilash taklif qilinmoqda. Bu bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi shug‘ullanadi, ushbu narxlar uning saytida: meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha – har o‘n kunlikda, to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha – har oyda e'lon qilinadi. Narxlarning kuchga kirish muddati – e'lon qilingan paytdan boshlab 2 kun.
Bunda idora quyidagilarga tayanib ish ko‘radi:
• xorijdagi diplomatik vakolatxonalardan olingan tashqi bozorlardagi narxlar;
• OAVda (shu jumladan Internetdagi ochiq manbalar) va axborot-tahliliy nashrlarda e'lon qilingan narxlar;
• tashqi savdo kompaniyalari hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining respublika mintaqalaridagi vakolatli vakillaridan olingan eksport narxlar;
• meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari tannarxi, ichki bozordagi ulgurji va chakana narxlari.
Eksport qiymati «tavsiya etiladiganidan» 30%dan ortiq pasaytirilganini aniqlagan DBQ bu haqda DSQ va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beradi. Ular, o‘z navbatida, aniqlangan dalillar yuzasidan «qonun hujjatlariga muvofiq» choralar ko‘radi. Loyihada aniq sanksiyalar (choralar) va ularni qo‘llash mexanizmi qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, ilgari meva-sabzavot mahsulotlarini kontrakt tuzilgan yoki BYuD ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanada «O‘zagroeksport» AJ rasmiy saytida ko‘rsatilganidan past bo‘lmagan narxlarda eksport qilish talab etilardi (kontrakt tuzmasdan invoys asosida eksport qilganda). Biroq 2018 yil avgustda ushbu amaliyot bekor qilindi.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.