Xalq banki yangi interaktiv xizmatlarni taklif etadi

Iqtisodiyot 19:51 / 13.03.2019 7243

O‘zbekiston milliy matbuot markazida 13 mart kuni Xalq banki tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi tahlili va bu borada belgilangan chora-tadbirlar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida Xalq banki tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan zamonaviy bank xizmat turlari, tarmoqda amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida ma'lumot berildi.

O‘tgan davr mobaynida Xalq bankining 197 ta filialdan 185 tasida “Bank xizmatlari markazlari” faoliyati tashkil etilib, unga asosan Front va Back ofisga ajratilgan holda xizmat ko‘rsatish tashkil etildi.

Shuningdek, rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rgangan holda sinov tariqasida Toshkent shahri Amaliyot bo‘limi va Shayxontohur filialida “24/7 elektron ofis”lar tashkil qilindi. Yana qo‘shimcha ravishda joriy yil davomida 20 ta “24/7 elektron ofis” ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mijozlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Internet banking”, “Korporativ Mobil banking” va “Xalq mobile” kabi turli interaktiv xizmat turlari joriy etilmoqda.

Shu bilan birga turistlar ko‘proq boradigan joylarda “24/7” yoki kunu-tun rejimida ishlaydigan 11 ta avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etildi. Xalqaro “Visa” to‘lov kartalarini ochish 2019 yilning 1 apreliga qadar - bepul etib belgilandi va depozit summasi 25 AQSh dollardan 15 AQSh dollariga tushirildi.

Yana bir muhim masala. Markaziy bank tomonidan berilgan ko‘rsatmaga asosan Xalq banki valuta ayirboshlash shoxobchalarida bir xorijiy davlatning naqd valutasini boshqa xorijiy davlatning naqd valutasiga almashtirish (konversiya) operatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan.

Anjuman qizg‘in baxslar va munozaralarga boy o‘tdi. Kredit olish, pensiya va nafaqa pullarini aholiga yetkazish tizimi hamda omonat turlari bo‘yicha savollar, fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar atroflicha javob berishdi. 

Ko‘proq yangiliklar: