Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonda paxta monokulturasi, unda majburiy va bolalar mehnatidan foydalanish kabi holatlar o‘zbek paxtasi, undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan bir necha davlatlarning boykotiga sabab bo‘lib keldi.
Kun.uz muxbiri kiyim-kechak eksporti sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bangladeshlik mutaxassis Mehdi Mahbub bilan iqtisodiyot, to‘qimachilik sanoati, tadbirkorlik va marketing masalalari bo‘yicha suhbatlashdi.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
«Men xususiy tadbirkorman va bu savolga javob berishni afzal bilaman. O‘z davlatimni sevaman, shunday ekan, haqiqatni aytishdan qo‘rqmayman, chunki mamlakatimdagi insonlar xolis fikrning qadriga yetadi.
Bangladeshda kiyim-kechak, to‘qimachilik sohasida bolalar mehnatidan foydalanilmaydi. Bundan voz kechganimizga yigirma yildan ko‘proq muddat bo‘ldi.
Kiyim-kechaklarni o‘zimiz uchungina emas, butun dunyo uchun ishlab chiqaramiz. 130dan ortiq mamlakat Bangladesh eksport qiladigan kiyim-kechaklarning xaridori sanaladi. Iqtisodi rivojlangan davlatlar uchun inson va bolalar huquqlari eng qadrli jihatlardan hisoblanadi. Biz ularning qadriyatlarini hurmat qilishimiz zarur. Aks holda biz muvaffaqiyatli va barqaror bo‘la olmaymiz. O‘tgan asrning 90-yillarida Bangladesh sanoati hukumat va xalqaro hamkorlar ko‘magi bilan bolalar mehnatidan ozod qilinishi boshlangan.
O‘zbekiston bu salbiy tamg‘adan qutulgani bilan hukumatingiz va sizni qutlayman.
Biroq O‘zbekiston haqida axborot juda tanqis. Men O‘zbekiston haqida juda kam narsa bilaman, bu yerga ham aynan shu maqsadda – ma'lumot yig‘ish uchun keldim.
Afsuski, mening mamlakatimdagi sanoat yetakchilari O‘zbekistonda hamon bolalar mehnati bilan bog‘liq muammolar bor deb o‘ylaydi va davlatingizni qora ro‘yxatga kiritishgan.
Siz bu sohada ko‘proq targ‘ibot, brending va muloqotga e'tibor qaratishingiz zarur», deydi Bangladesh biznes markazi prezidenti Mehdi Mahbub paxta sanoatida bolalar mehnatidan foydalanish holatlari uchrashi haqidagi savolga javoban.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) monitoringida aytilishicha, O‘zbekistonning aksar paxta dalalarida majburiy mehnatga batamom barham berilgan. 2018 yilda paxta terimiga jalb etilganlarning 93 foizi ixtiyoriy ravishda paxta tergan. Talaba, o‘qituvchi, vrach va hamshiralar paxta terimiga mutlaqo jalb etilmagan. Shunga qaramay, kuzatuvchilarning qayd etishlaricha, ayrim holatlarda davlat tashkilot va idoralari xodimlari paxtaga chiqarilib, terimda ishtirok etgani kuzatilgan.
O‘tgan yillarda paxta terimida katta muammo deb e'tirof qilingan bolalar mehnatidan foydalanishga esa butkul barham berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning sentabr oyida AQSh O‘zbekiston paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqargandi. AQSh Mehnat vazirligi Xalqaro mehnat ishlari byurosi tayyorlagan hisobotda O‘zbekiston, Braziliya va Paragvay hukumatlari bolalar mehnati, majburiy mehnatning har qanday shakliga qarshi murosasiz kurashga chog‘langani alohida e'tirof etilgandi.
Ma'lumot uchun, Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, dunyodagi har 10 nafar bolaning biri turli ko‘rinishdagi mehnatga jalb etiladi va bu son 152 milliondan oshgan. Majburiy mehnatning turli shakllari bilan hisoblab chiqilganda, jahonda 25 million bola mehnatga majburlanadi.
Suhbat «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi