«Biz g‘orda tug‘ilgan millat emasmiz». O‘zbekistonda rahbarlar dunyoqarashi nega o‘zgarmayapti?

O‘zbekiston 17:12 / 11.03.2019 167501

Insonga munosabat tarixdan millatga munosabat bo‘lib kelgan. Podshohning millatiga bo‘lgan munosabati juda ko‘p narsani belgilab bergan. «Men podshohman, xalqim mening xizmatchim» deyishi va «Men podshohman, xalqning xizmatchisiman» deyishi ayri-ayri narsalar.

Mustaqillik davridan so‘ng bu holatga birdaniga kelib qolinmagan. Xalq uchun xizmat qilishga harakat qilindi, asosiysi, mustaqillikka erishildi, xalq uchun nimalardir qilindi.

Sado berilsa-yu, lekin aks sado kelmasa, hafsala pir bo‘ladi. Mana shu nuqta, ayniqsa, rahbarlar hafsala pir bo‘lish nuqtasi - juda dahshatli nuqta. Bunda aks sado berilmayotgan tomon ham, bir martada ruhan tushadigan rahbar ham aybdor.

Bugungi O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga keldi. Xalqqa nisbatan «xalq mening xizmatchim emas, men xalqning xizmatchisiman, hukumat ham xalq xizmatchisi», degan tamoyil qo‘yildi. O‘tgan uch yil davomida bu narsa, eng avvalo, hukumat ishida og‘ir kechishi boshidan aytilgandi. Sababi, bugun hukumat a'zolarining aksariyati 40-50 yoshdan o‘tgan, shaxs sifatida shakllanib ulgurgan, o‘ziga berilgan vakolat, hurmat-izzatga o‘rganib qolgan tabiatni zumda «xalq xizmatchisi», degan fitratga almashtirish juda og‘ir.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Natijada nima bo‘ldi?! O‘yin boshlandi, ko‘zbo‘yamachilik boshlandi, ammo bu ularning foydasiga emas. Mirziyoyev prezident sifatida o‘z prinsipida oxirigacha turyapti. Ya'ni, bir masalani aytib, bir yil muddat beryapti, o‘zgarsa o‘zgardi, o‘zgarmasa yana shu masalani aytib, kim bu ishni amalga oshirmagan bo‘lsa hammasidan voz kechyapti. Yo‘qotishdan qo‘rqmayapti. Hayotda insonning yo‘qotishdan qo‘rqmasligi dahshatli kuchdir.

Xo‘sh, shunday siyosiy iroda bor ekan, bugun jamiyat nega o‘zgarmayapti?! O‘zgaryapti, lekin sekin-sekin, bosqichma-bosqich degan bahonalar bilan, ammo kutilganidek o‘zgarmayapti. Siyosiy islohotlar bo‘lyapti, qonunlar almashyapti, lekin turmush tarzimiz almashmayapti. Nega? Sababi - tafakkur, dunyoqarash, ishga munosabat o‘zgarmayapti. Bugun jamiyatda odamlarni o‘zgartiramiz deyapmiz, lekin, avvalo, rahbarlar o‘zgarishi kerak.

Afsuski, hukumatdagi rahbarlar bugun boshqacha qarash, boshqacha ishlashni o‘rganmayapti. Nega? Bu yerda yana bir katta muammo paydo bo‘ladi. Bu psixologik muammoga ham o‘xshab ketadi.

Boshqaruv kadrlarimiz orasidagi eng katta muammo - xalqni, millatni ko‘p narsani bilmaydi, deb o‘ylashi. Bu boshqaruv organlaridagi eng katta xatolardan biri. Ya'ni, bu millat go‘yoki hech narsani bilmaydi. Haqiqatlar borligini bilmaydi.

Nega prezident Mirziyoyev kadrlardan voz kechishdan qo‘rqmayapti? Sababi - majburlamoqchi. Olib tashlayapti, ancha muddatdan keyin boshqa ish berib ko‘ryapti, kerak bo‘lsa yana olib tashlayapti. Bu yerdagi eng katta maqsad - bilmaganini o‘rgatish va xalq bilan hisoblashishni o‘rgatish. Biroq, muammo to‘liq hal bo‘lmayapti. Sababi o‘rganishni istashmayapti. Ammo o‘rganishga majbur bo‘lishadi.

Bugun millatni «ahmoq», «o‘qimagan» deb o‘ylamaslik kerak. Biz g‘orda tug‘ilgan millat emasmiz. Azaldan buyuk millatmiz.

Xalq indamadi degani - bilmadi, degani emas. Millat sabr qildi degani - qo‘rqdi, degani emas. Prezident indamayotgani - prezident ko‘rmayapti, degani emas. Vaqti-soati kelib hamma narsa joy-joyiga qo‘yiladi. Bu yerdagi masala shu.

Said-Abdulaziz Yusupov

Birinchisi - yoki hukumat a'zolari aqlini yig‘ishtirib, prezident aytgandek ishlaydi, ikkinchisi - xalq mana shu berilgan imkoniyatni qayta tarbiya bo‘lishi uchun, ishga munosabatning o‘zgarishi uchun qaytadan imkoniyat o‘laroq anglab yetadi.

Mansabdorlarni olaylik. Mas'ul bir lavozimni egallagan shaxs shu nuqtaga qanday yetib keldi? O‘zidan-o‘zi osmondan tushdimi? Yo‘q. Davlat uni o‘qitdi, chet elga amaliyotga jo‘natdi, akademiyalarda o‘qitdi. Ya'ni, tayyorlab-tayyorlab uni shu nuqtaga olib keldi. Nega olib keldi? Endi bu mana shu nuqtada turib, o‘ziga o‘xshagan odamlarning hayotini o‘zgartirsin, deb olib keldi.

Ammo, aksariyat holatda mansabga o‘tirganidan keyin burnidan narini ko‘rmayapti. Yana faqat o‘zim bo‘lay, deb asosiy maqsadni esdan chiqaryapti. Asosiy vazifa - xalqqa xizmat qilish esdan chiqyapti. Bu g‘orga kirib, boshqa odamlarni olib chiqishni istamayapti. «Men g‘ordan chiqdim, bir o‘zim dunyoni aylanishim kerak», - mana shu tafakkurda yuribdi.

Bundan voz kechishimiz kerak. Sababi vaqtimiz juda ham oz.

Bugun bir-birini quchoqlagan, dastak bo‘lgan, bir-birini eshitgan, gaplashgan, tushunishga harakat qilgan millatgina omon qoladi. Bir-biriga jahl qilish, qo‘llab-quvvatlamaslik, «o‘zim bo‘lay» deyishning oxiri yaxshi bo‘lmaydi.

Davlatni «menga nima» degan qarash tanazzulga olib keladi. Agar mazlum zolimning zulmi ostida qolayotgan bir paytda, hokimlar yoki amaldorlar «menga nima» deb qarasa - u tanazzulga mahkum davlatdir. Qozixonalarda adolatsizlik bo‘lsa-yu vazirlar bunga «menga nima», deb qarasa - mana shu tanazzulga olib keladi.

Bugun yurtning egasi «menga nima» degan tafakkurdan tashqari. U xalqi uchun, millati uchun harakat qilyapti, tinmayapti. Ammo, atrofida, hukumatda bir-ikki «menga nima»chilar mavjud. Shunga qaramay, u tinib-tinchimayapti.

Biz bugun «menga nima» degan tafakkurdan voz kechsak, ertamiz yorug‘ bo‘ladi.

Said-Abdulaziz Yusupov

Ko‘proq yangiliklar: