Uzcard rahbari: «Tizim xavfsizligi uchun ulkan kuch va vositalar sarflayapmiz»

Jamiyat 09:37 / 07.03.2019 8794

Mirzo Ulugbek Innovation Center markazi va Loyiha boshqaruvi milliy agentligi «Xavfsiz ko‘prik» forumini o‘tkazdi. Unda mutaxassislar axborot xavfsizligi mavzusida fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

21 asrda axborot xavfsizligi jamiyatning barcha qatlamlariga ta'sir etgani sababli, davlat ahamiyatiga molik tushuncha sanaladi. Aynan shuning uchun ham mamlakatimiz va yaqin xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari vakillari axborotni himoyalashning zamonaviy vositalari, O‘zbekistonda blokcheyn texnologiyasining amaliy qo‘llanilishi, alohida e'tiborga molik axborot boshqaruv tizimi va boshqa ko‘plab masalalar to‘g‘risida mulohaza bildirishdi.

Tadbirda davlat hokimiyati organlari vakillari, Axborot texnologiyalari va Axborot xavfsizligi bo‘limlari rahbarlari, banklarning mazkur sohadagi mutaxassislari, xususiy sektor a'zolari hamda Mirzo Ulugbek Innovation Center rezidentlari ishtirok etishdi.

YaUPM (Uzcard) rahbari Axror Mahmudov mazkur forumda «Axborot himoyasi: intellektual mulk, bank kartalari» mavzusidagi ma'ruza bilan qatnashdi. Ma'ruzachi axborot xavfsizligiga tahdid holatlari Yagona umumrespublika protsessing markazi darajasida ham ro‘y berayotgani va himoya masalasi birlamchi vazifalardan biri ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

Mahmudov o‘z nutqida to‘lovlarning raqamli transformatsiyasi va ularning xavfsizligi, shaxsning biometrik identifikatsiyasi hamda NFC texnologiyalari asosida mobil ilovalar yordamida to‘lovlarni amalga oshirish kabi dolzarb mavzularga to‘xtalib o‘tdi. Yuqorida sanab o‘tilgan barcha himoya vositalari axboriy aktivlarni tajovuzkorlarning noqonuniy tahdidlaridan samarali himoyalashga qaratilgan. Xavfsizlikka qaratilgan harakatlarimiz tavakkalchilikni kamaytirib, texnik nosozliklar natijasida kuzatiluvchi potensial zararlar, xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tasodifiy xatoliklar, ma'lumotlarni qayta ishlash jarayonidagi texnologik yoki tashkiliy noto‘g‘ri yechimlar ko‘rsatkichini pasaytiradi, axborot uzatilishi va saqlanishi, texnologik jarayonlarning normal ishlashini ta'minlaydi.

Kompaniya rahbarining xabar berishicha, ayni damda YaUPM (Uzcard) O‘zbekistonda 29 ta bank va 40dan ortiq to‘lov tizimlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Xavfsizlik to‘liq maxfiylik siyosati prinsipi asosida ta'minlanib, shartnoma asosida kafolatlanadi hamda mamlakat qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan.

Mamlakatning axborot xavfsizligi sohasidagi so‘nggi trendi sifatida QR-koddan foydalanishni keltirib o‘tish mumkin. Ushbu yangilikni mazkur usul yordamida to‘lovlarni amalga oshirish mexanizmini joriy etgan savdo-xizmat ko‘rsatish punktlarida tekshirib ko‘rish mumkin.

Texnologiya ikki o‘lchamli shtrix-kod shaklida bo‘lib, axborotni vizual kodlashda ishlatiladi. Bugungi kunda u turli yo‘nalishlarda faol foydalanib kelinmoqda. QR-kod elektron ma'lumotlar uzatish prinsipiga asoslanadi. Bu, ayniqsa, ko‘p miqdordagi axborotni uzatish yoki undan foydalanishni soddalashtirishda qo‘l keladi. QR-kod surati mahsulot yoki xizmatni tanlash jarayonini yengillashtirishga yordam beradi, axir qadoq yoki reklama plakatidagi mana shu kichik kvadratchada  4296 tagacha belgi sig‘diriladi. U aloqa jarayonini optimallashtirishga ham xizmat qiladi – masalan, aksariyat holatlarda tashrif qog‘ozidagi nishonchada birgina tugmani bosish bilan kontaktlaringiz ro‘yxatiga qo‘shiladigan telefon raqami shifrlangan bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, QR-kodlar yordamida havoladan o‘tish, elektron xat, SMS yuborish, manzil joylashuvini bilish va boshqa ko‘plab amallarni bajarish mumkin.

Foto: Uzcard

Spiker protsessing markazining server qismi ham axborot xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o‘ynashini ta'kidlab o‘tdi. Unda har bir amaliyot bo‘yicha: POS-terminallar, bankomatlar, infokiosklar, mobil ilovalar hamda boshqa ko‘plab internet maydonchalaridan kelib tushgan ma'lumotlar  qayta ishlanadi. Shu maqsadda, 2018 yilda YaUPM tizimi to‘liq yangilandi.

Markaz tomonidan, shuningdek, ichki qonunlarimizga binoan maxfiylik siyosatiga amal qiluvchi  bir qator innovatsion yechimlar, ya'ni dasturiy ta'minot va softlar yaratildi. Barcha ishlab chiqilgan 6 ta dasturiy yechimlar(Welly to‘lov terminali uchun DT, PAX S90 to‘lov terminali uchun DT, SV-AUCTION serveri, SV-GATE serveri, SMART MOVE, PO USSD GATEWAY) O‘zbekiston intellektual mulk Agentligida ro‘yxatdan o‘tgan.

  • Havfsizlik masalasi barcha uchun birdek, nihoyatda dolzarb bo‘lgani sababli, bugungi forum YaUPM uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu himoyaga har soniyada qarshilik qiluvchi muammo sanaladi.

Hatto Facebook, Google, Amazon kabi yirik korporatsiyalar ham xavfsizlikni ta'minlash uchun milliardlab mablag‘ sarflaydilar.

Jumladan, YaUPM ham xavfsizlikni ta'minlash maqsadida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda va mamlakatimizda uzoq vaqt davomida mahalliy muhit doirasida xizmat ko‘rsatilgani tufayli aksariyat dunyo trendlari bizni cheklab o‘tishgan. Ikki yil mobaynida biz ochiq siyosat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldik va ayni damda innovatsion yechimlarni joriy etishga tayyormiz. Biz, odamlar O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘z kartalaridan xavfsiramasdan foydalanishlarini istaymiz.

O‘tgan yili Uzcard kompaniyasida katta muammo ro‘y berdi – tizimda vaqtinchalik nosozliklar kuzatildi. O‘tkazgan izlanishlarimiz natijasida, nosozliklar aynan kiber-hujum sababli paydo bo‘lganini aniqladik. Tizimni himoyalash uchun qo‘ldan kelgan barcha imkoniyatlarimizni ishga solgan bo‘lsak-da, dunyoda hech kim tizim to‘liq himoyalangan, deya olmaydi. Shuning uchun ham shu kabi masalalarni ko‘tarishimiz, fikr va tajriba almashishimiz darkor. Muhokamalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, xavfsizroq bo‘lish imkoniyatlari shuncha ortadi, – Ahror Mahmudov, YaUPM Bosh direktori.

Forumda Ernst&Young AT bo‘limi katta menedjyeri Ruslan Ismagulov, monitoring va Texnik yordam markazining axborot xavfsizligi hodisalari monitoringi va ularga javob berish bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Sobirov,D:CODE texnik direktori Ruslan Yuldashev, BePro kompaniyasining Thales bilan ishlash bo‘yicha asosiy akkaunti, menedjyer Timur Mamedovlar ham ma'ruzalar bilan chiqish qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: