Olimlar odamlar o‘lim oldidan qanday tushlar ko‘rishlarini aniqlashdi

Jamiyat 20:32 / 06.03.2019 76678

AQShning Buffalo shahridagi hospis va pallativ yordam markazi tibbiyotchilari o‘n yillik tadqiqotni yakunlab, sirli yangilikni ochishga muvaffaq bo‘lishdi, deb yozmoqda «Populyarnaya mexanika».

Klinik o‘limni, ya'ni hayot va biologik o‘lim orasidagi ortga qaytarsa bo‘ladigan o‘tish bosqichini boshidan kechirgan odamlar g‘alati kechinmalar haqida hikoya qilishadi. Ko‘pincha ularning ko‘z o‘ngidan butun hayotlari o‘tib ketadi, shundan so‘ng ular tim qorong‘i tunnelda paydo bo‘lishadi va u yorqin yog‘du bilan tugaydi, ayrimlar esa allaqachon o‘lib ketgan yaqinlarini uchratishadi.

Kristofer Kerr boshchiligida olimlar o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, o‘limidan uch hafta avval odamlar mazmunan bir xil g‘alati tushlar ko‘ra boshlashadi. Keyinchalik vafot etgan 13 mingdan ziyod bemorlarni kuzatgan mutaxassislar 88 foiz kishilar o‘limi oldidan o‘ta yorqin tushlar ko‘rishini aniqlashgan.

Vafot etgan bemorlarning o‘limi oldidan tasvirlab berishlaricha, 72 foiz holatda ular allaqachon o‘lib ketgan qarindoshlari va do‘stlari bilan gaplashishgan va juda iliq taassurotlarga ega bo‘lishgan. Bemorlarning 59 foizi o‘zlarining so‘nggi tushlarida jomadonlarini yig‘ishtirib, chipta xarid qilishgan — xullas, qayoqqadir so‘nggi yo‘lga otlanishgan. Ayrimlar poyezdga chiqishgan yoki samolyotda uchishgan, ularga allaqachonlar o‘lib ketgan yaqinlari hamrohlik qilishgan va ular xursandchilik bilan muloqotda bo‘lishgan.

Bemorlarning 29 foizi esa tushlarida faqat tirik qarindoshlari va do‘stlarini ko‘rishgan. 28 foiz kishilar o‘limoldi tushlarida hayotidagi yorqin iz qoldirgan u yoki bu voqealarni qaytadan gavdalantirishgan. Faqat o‘lim bilan olishayotgan bolalarda istisno ro‘y bergan: ularga ko‘pincha o‘zlarining o‘lib ketgan uy hayvonlari ko‘ringan. Shuningdek, yoshi katta insonlar ham tushga kirgan, lekin yosh bolalar ularni yaxshi eslab qolisholmagan.

Sirli tushlar o‘limdan 10-11 hafta ilgari ko‘rila boshlanadi, 3 hafta ilgari ularning soni ko‘payadi, tushlar yorqinlasha boradi. Afsuski, bu fenomenni Kristofer Kerr va uning jamoasi tushuntirib bera olmagan. Balkim o‘lim oldidan bosh miyada qandaydir o‘zgarishlar ro‘y bera boshlar va bunday tushlarga sharoit yaratar. Shunisi aniqki, bunday tushlar insonni tinchlantiradi va juda yaqin qolgan o‘lim oldidan ularning qo‘rquvini pasaytiradi.

Ko‘proq yangiliklar: