O‘zbekistonlik olimlar va universitetlar xalqaro reytinglardan o‘rin olishi uchun nima qilish kerak? Elsevier mintaqaviy direktori Aliya Ospanova bilan intervyu

Jamiyat 19:49 / 05.03.2019 18864

Yaqinda O‘zbekistonning eng yaxshi olimlari va universitetlarini taqdirlashga bag‘ishlangan ScopusAwards marosimi bo‘lib o‘tdi.  Bu O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishdagi birinchi tadbir hisoblanadi. G‘oliblar Elsevier ilmiy jurnallarida chop etilgan maqolalar bo‘yicha saralanadi. Kun.uz o‘zbekistonlik olimlar va universitetlar vakillarining xalqaro reytinglardan o‘rin olish uchun bilishlari kerak bo‘lgan ma'lumotlardan xabardorligini oshirish maqsadida Elsevier’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova bilan intervyu tashkillashtirdi. 

- Suhbatimiz avvvalida o‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun Elsevier o‘zi nima ekaniga oid izoh berib o‘tsangiz.

- Elsevier bugungi kunda dunyodagi eng katta ilmiy kompaniya hisoblanadi. Kompaniyamizning asosiy maqsadi butun jahonda ilm-fanni rivojlantirishdir. Elsevier 1880 yilda tashkil topgan va o‘sha davrdan to 2019 yilga qadar bizning jurnallarimiz eng ko‘p o‘qiluvchi va eng ko‘p havola beriluvchi ilmiy jurnallar hisoblanadi. Ular dunyo miqyosida eng yuqori impakt-omil (ilmiy jurnalning mohiyat ko‘rsatkichi)ga ega, ya'ni boshqacha aytadigan bo‘lsak, masalan, O‘zbekiston olimlarining bizning jurnallarimizda chop etiluvchi maqolalariga o‘rtacha 9-11 marta havola beriladi, bu esa juda yuqori ko‘rsatkichdir.

Hozir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan mamlakatdagi barcha universitetlarga Elsevier jihozlaridan foydalanish, barcha jurnallarimiz va ilmiy maqolalarimizni bepul yuklab olish, shuningdek jurnallarimizda maqolalarni chop etish imkoni taqdim etilmoqda. Bu, masalan, andijonlik olim maqolasining Stenford olimi bilan bir jurnalda chop etilishi, Harvard olimiga esa Farg‘ona olimining maqolalarini o‘qishi uchun imkoniyatdir. Mening fikrimcha, bu barcha chegaralarni yo‘q qiluvchi va O‘zbekiston ilm-faniga jahon maydoniga chiqishga yordam beruvchi ajoyib imkoniyat hisoblanadi.

Foto: Elsevier’ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova

- Shu o‘rinda Scopus reytinglar koeffitsiyenti qanday hisoblanishiga oydinlik kiritsak. Bunday jarayonlarni hali yaxshi tushunmaydigan yosh olimlarimiz xalqaro reytinglardan qanday o‘rin olishi mumkin?

- Scopus – dunyoning eng nufuzli ilmiy-tahlil reyting platformasi bo‘lib, u ilmiy maqolalar mualliflari, olimlar reytingi, jurnallar, tashkilotlar, mamlakatlar reytinglarini tuzish imkonini beradi. Ulardan qanday o‘rin olish mumkinligi haqida gapiradigan bo‘lsak, bajarilishi kerak bo‘lgan asosiy vazifa – ilmiy maqola yozish. Reytingda o‘sish uchun mazkur ilmiy maqolaga havola berilishi kerak (qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi), olimlar o‘z ma'ruzalarida uni tilga olishlari kerak. Bu ushbu maqolaga havola berilishi uning ilmiy hamjamiyat uchun haqiqatda muhim ekanini bildiradi. Reytinglarimiz shu tarzda tuziladi.

- Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Scopus'da ilmiy maqola chop etish juda qimmat ekan. Shunga izoh berib o‘tsangiz. 

- Juda muhim savol, zero bu yerda shu kabi vaziyatlarga ko‘p duch kelyapman. Mendan “Scopus'da maqola chop etish necha pul? Nima uchun bunday qimmat?” deb so‘rashadi, turli raqamlarni keltirishadi, deylik, 200 yoki 300 dollar. Aslida esa Scopus'da ilmiy maqola chop etish – bepul. Scopus'da maqolangiz chiqishi uchun hech qanday to‘lov kerak emas! To‘lov kiritiladigan alohida OpenAccess jurnallar guruhi bor, ular barcha ilmiy jurnallarining 20 foizini tashkil qiladi, biroq bu jurnallar O‘zbekistonda hali tanilmagan. Men O‘zbekistonda duch keladigan asosiy muammo –olimlarning vaziyatni yaxshi bilmasligi, ular kimlardandir Scopus'da maqola chiqarish uchun “falonchiga taxminan 200 dollar to‘lash kerak ekan”ligiga oid mish-mishlarga ishonishadi. Bu feyk, yolg‘on ma'lumot! Scopus'da ilmiy maqola chop etilishi uchun umuman hech qanday to‘lovga hojat yo‘q. Barchasi mutlaqo bepul.

- Sizning fikringizcha, so‘nggi yillar davomida O‘zbekiston ilm-fanida qanchalik o‘sish kuzatildi?

- Hozir jahon ilmiy resurslariga kirish imkonini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston mamlakatda ta'lim xabi uchun poydevor yasab, ishonchli pozitsiyani egallab turibdi. O‘zbekistonda nima bor? Eng avvalo, tarixiy ustuvorlik, genetik moyillik, ya'ni ilmiy kashfiyotlar ustuvorligi bu yerda genetik asosga ega. O‘zbekiston universitetlari  ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirishga tayyor. Xalq buni kutgan. Shunchaki odamlar buni qanday amalga oshirishni bilishmagan. Bugun esa bunga zamin yaratildi. Biz olimlarni kollaboratorlarni to‘g‘ri izlash, jahon olimlari O‘zbekiston ilmiy jurnallarida maqolalari chop etilishi istashlari uchun mahalliy jurnallarni qanday qilib yaxshilash mumkinligini o‘rgatdik. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi bunday ilmiy poydevor boshqa mamlakatlar, masalan, Tojikiston va Turkmaniston olimlariga ham katta imkoniyat yaratadi, zero bu mamlakatlar vakillari hozircha o‘z yurtida bunday imkoniyatga ega emas, bugungi kunda ular tizimga kirib, undan foydalanish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishmoqda.

So‘nggi yillar davomida O‘zbekiston ilm-fanida shiddatli rivojlanish kuzatildi. Natijalar haqida gapiradigan bo‘lsak, gap shundaki, bizning tizimimiz ularni darhol ko‘rsatadi, ya'ni statistikani tezda yuklab olish mumkin bo‘ladi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ilm-fan 20 foizlik o‘sishni qayd etgan, bu esa yaxshi natija, tezkor o‘sishdan dalolatdir. Bunday sur'atlarda o‘sadigan bo‘lsak, yana ikki yildan keyin nima bo‘lishini tasavvur qilavering.

- O‘zbekistondagi faoliyat davomida qanday muammolar kuzatilmoqda? Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi o‘zbek olimlarining reyting natijalaridan norozi ekanini kuzatish mumkin.

- Gap shundaki, O‘zbekistonda turli telegram-kanallarga a'zo bo‘lib, ularda berilayotgan ma'lumotlarga ishonib qolayotgan olimlar talaygina. Bu kanallarda Scopus'da maqola chop etilishi uchun ma'lum bir summani to‘lash talab etiladi va ba'zilari hatto kafolat ham beradi. Olimlar talab qilingan miqdordagi to‘lovni kiritib, natija bo‘lmagach, bizga murojaat qilishadi: “Biz pul to‘ladik, lekin afsuski, Scopus'da mening maqolam chiqmadi”. Aslida esa va'da qilingan nashrning o‘zi bo‘lmagan. Telegram-kanalda berilgan ma'lumot esa yuz foizlik feyk, soxta xabar. Scopus'ga kirish imkoniga ega olimlar buni bemalol ISSN (har qanday nashrni aniqlash imkonini beruvchi xalqaro standart seriyali raqam) bo‘yicha tekshirishi mumkin. Bu birinchi muammoli vaziyat.

Ikkinchi muammoli vaziyat. Ijtimoiy tarmoqlar haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘zbekistonlik bir olim bilan bog‘liq vaziyat ko‘pchilik orasida tarqaldi. Aslida Jahongir – yetuk olim, O‘zbekistonda urologiya rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bilimli yosh olim. Shunday bo‘lsa-da, uning xatosi nimada? U Scopus'dagi ikki profilini birlashtirmagan. Bunday holatlar bo‘lib turadi, masalan, olim ikki profilga ega bo‘lib, ularning birida - Jakhongir, ikkinchisida esa Jahongir sifatida qayd etilgan. U bunga qadar jurnallarda o‘z maqolalarini qanday nom bilan berganiga qarab farqlanishi mumkin – qayerdadir -h, yana qayerdadir – kh bilan. Olim nima qilishi kerak edi? Scopus’ga kirib, ikki profilini birlashtirishi kerak edi, xolos. Bunga ikki kun ketadi, jarayon mutlaqo bepul va buni istagan joydan amalga oshirish mumkin. Tizimdan ma'lumot to‘playotganimizda u ikki profilga ega edi, shu bois bu olim g‘olibdan kamroq ball to‘pladi. Bu kabi voqealar bo‘lmasligi uchun barcha olimlarni vaqti-vaqti bilan Scopus tizimiga kirishga, o‘z profillarini ko‘zdan kechirib, xatolar bo‘lsa, tuzatishga chorlab qolamiz.

- ScopusAwards g‘oliblari orasida ayol-olimlarning borligi juda quvonarli. O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda ayollarning ilm-fandagi roli qanday?

- Elsevier uchun Women in science (ilm-fanda ayol) yo‘nalishining rivojlanishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ilm-fan rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni alohida mukofotlaymiz, ularga motivatsiya beramiz. Aslida dunyoda turli ilmiy kashfiyotlarga qo‘l urayotgan ayollarimiz talaygina. Sharq mamlakatlari haqida gap ketganda esa, bu yo‘nalish biroz sust, chunki bizda tariximizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ilmiy tadqiqot ishlari bilan asosan erkaklar shug‘ullangan. Shunday bo‘lsa-da, taqdirlash marosimida guvohi bo‘lganingizdek, ayollarning ham ilm-fanda tutgan o‘rni oshib bormoqda. Men texnologik va tibbiy ilm-fan rivojiga hissa qo‘shayotgan ko‘plab ayollarni bilaman. Fikrimcha, ayollarning ilm-fandagi rolini oshirish ustida yanada ko‘proq ishlash, ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish kerak, chunki bu masalada ayol kishiga erkakdan ko‘ra qiyinroq. Erkaklar bilan teng ilmiy maqolalar nashr qiluvchi, ularga havolalar berilishiga erishuvchi va o‘z indeksini oshirish ustida tinmay mehnat qiluvchi, shu bilan birga, turmush o‘rtog‘i, farzandlari uchun qayg‘uruvchi ayolni albatta mukofotlash kerak, deb o‘ylayman.

Intervyuning to‘liq shakli bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Lola Rahmonboyeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: