Stenford va Yyelldagi kabi: O‘zbekistonda ilmiy jurnallar uchun ilk platforma joriy qilinadi

O‘zbekiston 16:17 / 23.03.2019 3528

23 mart kuni "Ilm-fan 2020" dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Elsevier kompaniyasi o‘rtasida Digital Commons (Bepress) bazasida O‘zbekiston OTM ilmiy jurnallari qayd etiluvchi platforma yaratishga oid strategik kelishuv imzolandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, mazkur loyiha doirasida Elsevier kompaniyasi double-blind peer review konfiguratsiyasini qo‘llab, 41 ilmiy jurnalni birlashtirib, noyob platformani tashkil qiladi.

Dunyoning yetakchi universitetlari tomonidan qo‘llanuvchi platforma O‘zbekistonning ilmiy jurnallari sifatini oshirish imkonini beradi, o‘zbek ilm-fanini repozitoriysi (raqamli arxivi)ni yaratadi va tarixga Scopus xalqaro standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan birinchi elektron resurs sifatida kiradi.

Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanovaning ta'kidlashicha, bu O‘zbekiston ilm-fanini xalqaro maydonga olib chiqish sari qo‘yilgan strategik qadam, o‘zbek olimlarining tadqiqotlarini butun dunyoga namoyish etish imkoni, shuningdek, mahalliy nashrlar raqobatbardoshligini oshirish va retsenziyalashni tatbiq etish demakdir. O‘zbekiston kollaboratsiyalar uchun sifatli maydonni yaratib, ishonch bilan Markaziy Osiyo ilm-fan va ta'lim xabiga aylanadi.

Hamkorlik doirasida ilmiy jurnallar muharrirlarini o‘qitish, muvofiqlashtirish va sertifikatsiyalash ko‘zda tutilgan. Nashrlar dizayni va logotipi ishlab chiqiladi, ISSN'ni ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta registratsiya qilish jarayonlari o‘tkaziladi, shu bilan birga, havola beriluvchi meta-ma'lumotlar formatida ilmiy maqolalar repozitoriylari yaratiladi.

Ma'lumot uchun: Digital Commons (Bepress) – ilmiy jurnallar elektron platformalarini yaratish bo‘yicha to‘liq servis taqdim etuvchi jahonning yetakchi kompaniyasi. Kompaniya 1999 yilda tashkil topgan. Ilgari Berkeley press nomi bilan mashhur bo‘lgan kompaniya butun dunyo bo‘ylab mingdan ortiq universitetlarga o‘z xizmatlarini taqdim etadi, AQShning 90 foizdan ziyod universitetlari undan foydalanadi. Digital Commons 2017 yilda Elsevier kompaniyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan.

Lola Raxmanbayeva

Ko‘proq yangiliklar: