Rustam Sa'diyev kinoqaroqchilarga munosabatini bildirdi

Jamiyat 11:01 / 04.03.2019 13297

Taniqli kinorejissyor Rustam Sa'diyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda o‘zi ishlagan filmlarning kinoqaroqchilar qo‘liga tushib qolishiga nisbatan munosabatini bildirib o‘tdi.

«Ijodkor sifatida filmim kimningdir qo‘liga tushib qolishiga salbiy qarayman. Filmni kimdir ko‘rgisi kelib qoladi, shunga o‘xshash vaziyatlar bo‘ladi, bunda o‘zimiz xohlamagan holda filmni taqdim etishga majbur bo‘lamiz. «Baron-2» hamkorlikdagi film bo‘lgani uchun endi uni kimgadir berib yuborishga ham haqqimiz yo‘q.

Kim ko‘rgisi kelsa, kinoteatrda yoki «O‘zbekfilm»ning maxsus zallarida ko‘rishi mumkin, xolos. Endi bu jihatdan ziyrakroq bo‘lamiz degan umiddaman. Biz tomoshabinni tarbiyalashimiz, ularga mualliflik huquqi tushunchasi, jamoaning peshona teri qadrini singdira olishimiz kerak. Bizning tomoshabinlar o‘g‘ri, muttaham emas aslida. Shundagina tomoshabinlarimiz kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlaydi, o‘z o‘rnida bunday rag‘bat yaxshi kinolar yaratilishi uchun ham zamin bo‘lib xizmat qiladi. Men bunga ishonaman va o‘zbek tomoshabinlari, «Baron»ning mard muxlislaridan – yigitlarimizdan shunday halol munosabat kutib qolaman.

Eslatib o‘tamiz, «Baron» filmining birinchi qismi 2016 yilda tomoshabin e'tiboriga havola etilgan bo‘lib, film o‘zbek kinosida qator rekordlarni yangilagan va ko‘pchilik tomoshabinlar orasida o‘zbek kinosan'atida turg‘unlik davri tugaganiga umid uyg‘otgandi.

Rustam Sa'diyev «Baron» filmining birinchi qismi premerasidan so‘ng «qaroqchilar» to‘g‘risida shunday degandi: «Hozirda «Malika», «Abu Saxiy» bozorlarida o‘tirib, filmni yozib berayotganlarning ro‘yxati bor. Agarda tomoshabinlar «Baron»ning davomi suratga olinishini istashsa, kino ijodkorlariga bo‘lgan hurmatini ko‘rsatib, uni kino zallarida tomosha qilishlari kerak. Bunga muxlislarning kino ijodkorlarga bo‘lgan hurmat va minnatdorchiligi, deb qaraladi». 

Rustam Sa'diyev bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ko‘proq yangiliklar: