Qo‘qon shahri hokimligi va tadbirkor o‘rtasidagi mojaro qanday yakun topadi?

Jamiyat 19:28 / 04.03.2019 29474

Murakkablik nimaligini tadbirkor va hokimlik o‘rtasida uzoq vaqt davom etayotgan bahsli holatni o‘rganganingizda bilasiz...

Tadbirkor bor vaziyatni sizga tushuntirish uchun bir dunyo qog‘ozlar, qarorlar, bayonnomalar, sud qarorlari, arizalar va ularga javoblarni oldingizga tashlaydi. Mana shu joyda miyangizning oxirgi hujayrasigacha ishlatib, bo‘lib o‘tgan jarayon ichiga kirib borasiz. Avvaliga o‘rmondek ko‘ringan ishni tahlil qilgach, ichidan so‘qmoqlar ham topilib qoladi. Har ikki tomonni ham tinglamasangiz, ishni boricha tushuna olmasligingiz ham mumkin.

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi «MIRCURI» jamiyati tomonidan kelgan murojaatni o‘rganish uchun bordik.

«MIRCURI» jamiyati ta'sischilari Qobul Dadajonov va Zohidjon Mehmonov ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida 2018 yilning 28 iyulida Qo‘qon shahri 46-MFY Furqat ko‘chasida joylashgan «SETUP LINE» oilaviy korxonasiga qarashli 11000.00 m² yer maydoniga ega bo‘lgan bino-inshootlarni notarial tartibda sotib oladi.

Ushbu yer maydoni «SETUP LINE» oilaviy korxonasi rahbari Rahimjon Nurmatovga Qo‘qon shahar hokimining 2015 yil 10 martdagi №119 sonli qaroriga asosan stol tennisi, peyntbol  va karting maydonlari qurish uchun ajratib berilgan. Oilaviy korxona nomida inshootlarga kadastr hujjatlari mavjud.

«MIRCURI» jamiyati ta'sischilari qariyb 250 million so‘mga sotib olingan hududda erkaklar uchun palto tikish sexi, oziq-ovqat qadoqlash, maishiy texnika vositalari, konditer, maishiy texnika jihozlari (dazmol, elektr choynak ishlab chiqarish) sexlarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lishgan. 200 nafar kishiga ish o‘rni yaratishni reja qilgan tadbirkor ushbu yer maydonini ishlab chiqarish toifasiga o‘zgartirish uchun Qo‘qon shahar hokimligiga ariza bilan murojaat qiladi. Buning uchun Qo‘qon shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan «O‘zshaharsozlik LITI» DUK loyihalash instituti bilan kelishish uchun planshet tayyorlanib, Qo‘qon shahar hokimiyati, shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi, Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, shahar YoXB, shahar DSENM, tabiatni muhofaza qilish Qo‘qon shahar bo‘limlari tomonidan tasdiqlangan.

2018 yilning iyul-avgust oylarida «MIRCURI» xodimlari ushbu hududda qurilish ishlarini boshlash uchun obodonlashtirish ishlari olib borayotgan vaqtda shahar hokimligi xodimi Bekzod Karimov kelib, ishlarni zudlik bilan to‘xtatish kerakligini aytadi.   

«Masalani muhokama qilish uchun shahar hokimi Ma'ruf Usmonov qabuliga kirganimda, hokimimiz ushbu hududni avvalgi egasi noqonuniy ravishda o‘zlashtirganini va notarial oldi-sotdi shartnoma qonuniy emasligini aytdi. Biz tang holatda qoldik. 2018 yil 16 avgust kuni shahar hokimining yer maydonini shahar hokimligi zaxirasiga olib, «Yoshlar bog‘i»ga biriktirib berish to‘g‘risidagi 2018 yil 15 avgust kungi 652-sonli qarorini berishdi.

Hokim qaroridan norozi bo‘lib, 2018 yil 20 avgust kuni shahar prokurori Sh. Turdaliyev nomiga ariza bilan murojaat qildik. Prokuror hokim qaroriga protest kiritdi, lekin Qo‘qon shahar hokimining 709-sonli qarori bilan protest rad etildi. Qo‘qon shahar hokimligi hududning sobiq egasi «SETUP LINE» rahbari maydonni noqonuniy egallaganini o‘rganish uchun prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga murojaat qildi. Departament ishni o‘rganib chiqib, barcha hujjatlar qonuniyligi haqida xulosa bergan. Lekin, ushbu xulosaga hokimiyat vakillari e'tibor qaratishmadi», deydi «MIRCURI» jamiyati ta'sischisi Zohidjon Mehmonov.

Shundan so‘ng tadbirkor turli tashkilotlarga murojaat qilishga harakat qildi, lekin barcha urinishlari bekor ketadi.

Qo‘qon shahar prokuraturasi 2018 yil 8 noyabr kuni Qo‘qon shahar ma'muriy sudiga yana da'vo arizasi bilan murojaat qiladi. 

2019 yilning 14 fevralida Uchko‘prik tuman ma'muriy sudida Qo‘qon shahar prokurorining «SETUP LINE» rahbari va «MIRCURI» jamiyati rahbarlari manfaatini ko‘zlab yozgan arizasi yuzasidan ma'muriy ish ko‘rib chiqildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Qo‘qon shahar prokurorining arizasi qisman qanoatlantirilib, Qo‘qon shahar hokimining 2018 yil 15 avgustdagi qarorining ikkinchi, uchinchi bandlari qisman haqiqiy emas deb topilgan.

Bundan tashqari, sud qarorida shahar hokimining 2018 yil 6 sentyabrdagi 708-sonli qarori ham haqiqiy emas deb topilgani qayd etiladi.

Zohidjon Mehmonovning aytishicha, sud qarori chiqqanidan so‘ng tadbirkor tuman hokimligi yuristi va tuman yer mulk kadastriga murojaat qilganida, ulardan sud qarori bo‘yicha tegishli izoh ololmagan.

«Tortishuv ketayotgan paytda o‘sha hududda shahardagi boshqa korxona qurilishi ishlarini boshlashga urinayotganini eshitib hayron bo‘lib qoldik. Tuman hokimi yerni boshqa tadbirkorga berib yuborganmish... », deydi u.

Biz voqeaga oydinlik kiritish uchun Qo‘qon shahar hokimligiga bordik. Ushbu masala bilan hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari shug‘ullanayotgani, biroq u hozir uzoqdaligi ma'lum qilindi. Shundan so‘ng, biz Farg‘ona viloyat «Yermulkkadastr» korxonasi Qo‘qon shahar filiali boshlig‘i Nasimxon Ahmedov bilan uchrashib, masala yuzasidan suhbatlashdik.

Ushbu mutasaddi «SETUP LINE» oilaviy korxonasi yer maydonidan maqsadsiz foydalangani uchun yer shahar zaxirasiga qaytarilib, «Yoshlar bog‘i» hududiga biriktirilganini aytib, quyidagicha izoh berdi: «SETUP LINE» va «MIRCURI» o‘rtasida 2018 yil 28 iyul kuni notarial oldi-sotti shartnomasi tuzilgan. Amaldagi qonunlarga asosan, har qanday yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi notarial tartibda tuzilgan bitimlar uch kun muddat ichida joylardagi «Yermulkkadastri» korxonasidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Biroq har ikki korxona «Yermulkadastr» korxonasiga kelib murojaat qilmagan.

Uchko‘prik tuman sudi majlisida Qo‘qon shahar hokimligining ishonchli vakili sifatida ishtirok etdim va sud qarorini adolatli deb hisoblayman. Sud qarorida «Qo‘qon shahar hokimining  2018 yil 15 avgustdagi 652-qaroridagi 2-3-bandlar qisman haqiqiy emas», deb topilsin deyilgan. Sud yer maydonini zaxiraga olishni kuchida qoldirib, binoga oid qismini tadbirkorga qoldirmoqda».

Sud qaroridagi «qisman» degan joyi rosa o‘ylantirdi. Sud qarorida shahar hokimi 2015 yil 10 martdagi 652–qarori birinchi bandidagi «Nurmatov Rahimjonga ajratilgan yer maydoni shahar zaxirasiga olinib, «Yoshlar bog‘i» hududiga biriktirilsin», deyilgan bandi amalda qolgan.

Ayni shu yer maydoni haqida qarorning ikkinchi va uchinchi bandlarida ham keltirilgan bo‘lsa-da, tadbirkor yer maydonisiz qolmoqda. Uchinchi band «qisman haqiqiy emas» deb topilishi ham ajablanarli. Chunki, unda bittagina gap tuzilmasi bor: «Qo‘qon shahar Furqat ko‘chasi «Yoshlar bog‘i» hududiga 11000,0 m² biriktirib berilsin».

«Tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lib turgan paytimizda, hokimiyat tomonidan qarshilikka uchrab, shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan hokim qarori bilan sotib olgan yer maydonini qayta ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapmiz. Natijada, 6 oydan beri ishlab chiqarishni yo‘lga solishimiz sarobga aylanyapti. Bizda tadbirkorlik uchun mablag‘ yetarli. Hech qanday kreditsiz dastgohlarni olib kelib ishni boshlashga imkoniyatimiz bor. Chetdan keltirilgan xomashyolarimiz ishlatilmay omborda turib muddati o‘tib bormoqda», deydi tadbirkor.

 Vaholanki, «MIRCURI» jamiyatining o‘ziga tegishli yer maydonida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi «O‘zshaharsozlik LITI» DUK loyihalash instituti bilan kelishish uchun tayyorlangan joylashuv rejalarida shahar hokimining «Tasdiqlayman» degan imzosi turibdi.  

 Har ikki tomon hali uzoq tortishishiga shubhamiz yo‘q. Faqat, hokimlik ishlab chiqarish, tadbirkorlik qilish, ishchi kuchi yaratishga davlatdan kredit so‘ramay urinayotgan tadbirkor tomonga bir qadam tashlamayotganiga hayronmiz.  

Axir, imkoniyati bor tadbirkorga ko‘mak berish kerak emasmi? 

Elmurod Ermatov, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: