Farg‘onada maktab o‘quvchisi noma'lum kimyoviy modda yutishi oqibatida vafot etdi

Jamiyat 21:50 / 03.03.2019 29910

Joriy yilning fevralida Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, O‘qchi MFY, O‘qchi-dasht qishlog‘idagi 17-maktabning 9-sinf o‘quvchisi noma'lum kimyoviy moddani qabul qilishi oqibatida vafot etgan.

OAVda tarqalgan xabarlarda unga maktabdoshlari majburlab karbid moddasi yuttirishgani, u uyiga borib suv ichgach, o‘zini yomon his qila boshlagani va shifoxonada jon bergani aytildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, shu qishloqdagi Soy bo‘yi ko‘chasi 104-uyda yashovchi, 2003 yilda tug‘ilgan S.A. o‘zi yashagan xonadonda noma'lum kimyoviy moddani ehtiyotsizligi oqibatida ichib yuborishi natijasida tuman markaziy shifoxonasiga olib kelingan.

«Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. 18.02.2019 yil kuni sudga oid tibbiy ekspertizasi hamda olingan noma'lum kimyoviy modda bo‘lagi tarkibini aniqlash bo‘yicha sudga oid kimyoviy ekspertizalar tayinlangan.

Sudga oid tibbiy ekspertizaning 19.02.2019 yil kungi №63-sonli xulosasida voyaga yetmagan S.A.da gemorrogik peritonit va oshqozon devorlari butunligi buzilishi bilan kechgan oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichakning bir qismi kimyoviy kuyishi bo‘lib, bu og‘iz orqali qabul qilingan kimyoviy modda ta'siri natijasida yuzaga kelgani qayd etilib, ushbu jarohatlar hayot uchun xavfli og‘ir shikastlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan voyaga yetmagan S.A.ning o‘zi tushuntirishida, 17-sonli umumta'lim maktabining 10-a sinfida o‘qiydigan M. ismli o‘quvchi noma'lum dori moddasini berib, ichishi kerakligini aytganini va keyin noma'lum dori moddasini yashash xonadoniga kelib ichganini bildirib o‘tgan. 

Bundan tashqari, holatni har tomonlama tekshirish maqsadida 20.02.2019 yil kuni voyaga yetmagan S.A. o‘qigan tumandagi 17-sonli umumta'lim maktabining kimyo laboratoriya xonasida mavjud moddalarning saqlanishi qonuniyligini o‘rganish yuzasidan viloyat XTBga tekshiruv tayinlangan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida 26.02.2019 yil kuni voyaga yetmagan S.A. tuman shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida vafot etgan va shu kundan uning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan», deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: