«Barselona» «Real»ni «klasiko»dagi g‘alabalar soni bo‘yicha ortda qoldirdi

Sport 08:58 / 03.03.2019 9616

«Barselona» Ispaniya chempionatining 26-turida «Real» ustidan g‘alabaga erishdi. Madriddagi «Santyago Bernabeu» stadionida kechgan uchrashuv ko‘k-anorranglilar jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bu kataloniyaliklar klubi uchun qatorasiga ikkinchi «klasiko»dagi g‘alaba bo‘ldi, uch kun oldin «Barselona» Ispaniya Kubogi yarimfinali doirasida «qaymoqranglilar» jamoasini Madridda 3:0 hisobida mag‘lub etib, turnirdan chiqarib yuborgandi.

Katalonlar «Real»ni «Santyago Bernabeu»da 72 soat ichida ikki marta mag‘lub etolgan ilk jamoa bo‘ldi. 

Bundan tashqari, keyingi 24 yillikda «Barselona» «Real»ni uch kun ichida qatorasiga ikki marta mag‘lub etgan (istalgan maydonda) to‘rtinchi jamoaga aylandi.

Bungacha bunday natija «Real Union» (1972 yilning 9 va 11 aprel kunlari), «Atletik» (1984 yilning 1 va 4 aprel kunlari) va  «Deportivo» (1995 yilning 24 va 27 avgust kunlari) jamoalari tomonidan qayd etilgandi.

Mundo Deportivo nashri xabariga ko‘ra, ko‘k-anorranglilar uchun bu g‘alaba «Real» bilan o‘yinlardagi 96-g‘alaba sifatida tarixga kirdi. Bu o‘yingacha ikki jamoa ham «klasiko»da 95tadan g‘alaba bilan teng natija ko‘rsatib turgandi.

Shu tariqa, kataloniyaliklar klub o‘zining prinsipial raqibini o‘zaro uchrashuvlardagi g‘alabalar soni bo‘yicha ortda qoldirdi. Bu 1932 yildan buyon ilk marta kuzatilmoqda.

«Barselona» «klasiko»dagi g‘alaba evaziga ochkolari sonini 60taga yetkazgan va Ispaniya chempionati turnir jadvalidagi peshqadamligini davom ettirgan. «Real» 48 ochko bilan uchinchi o‘rinda joylashgan.

Ko‘proq yangiliklar: