Senator, vazir va hokimlar qancha oylik oladi? Moliya vazirligi davlat xizmatchilarining maoshlari miqdorini oshkor qildi

Iqtisodiyot 20:30 / 27.02.2019 118931

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «Gazeta.uz» so‘rovi bo‘yicha davlat xizmatchilarining oylik maoshlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etdi.

Qonunchilikka muvofiq, budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilot va muassasalarda xodimlarning mansab maoshlarini belgilashda majburiy tartibda Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq tarif koeffitsiyentlar qo‘llanilishi lozim.

Rahbar lavozimlar uchun quyidagi oklad bo‘yicha ish haqi belgilangan:

Deputat va senator – 1 mln 560 ming 413 so‘m

Viloyat hokimi – 1 mln 899 ming 783 so‘m

Tuman (shahar) hokimi – 1 mln 643 ming 329 so‘m

Bosh vazir o‘rinbosari – 2 mln 75 ming 955 so‘m

Vazir – 1 mln 727 ming 665 so‘m

Qo‘mita raisi yoki agentlik direktori – 1 mln 643 ming 329 so‘m

Bular faqat oklad bo‘yicha ish haqi xolos. Bu miqdorga qo‘shimcha ravishda budjet hisobidan 115 foizgacha ustama berilishi mumkin. Masalan, deputatga 115 foiz qo‘shimcha ustama berilsa, uning ish haqi 3 mln 354 ming 887 so‘m bo‘ladi. Shuningdek, yuqoridagi ish haqilari budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga yana ortishi mumkin.

Qo‘shimcha ravishda quyidagi ustamalar belgilanadi:

  • Alohida mehnat sharoitlari uchun — mansab maoshining 20 foizi miqdorida (Oliy Majlis deputatlari va Senat senatorlari, viloyatlar (tuman, shahar) hokimlari uchun);
  • Mehnatni rag‘batlashtirish koeffitsiyenti — mansab maoshining 40 foizi miqdorida;
  • Belgilangan xizmat muddatini o‘tagani uchun — mansab maoshining 20−30 foizi miqdorida.
  • Ko‘p yillik xizmat qilgani uchun — mansab maoshining 20−30 foizi miqdorida;
  • Moddiy rag‘batlantirish — mansab maoshining 15−25 foizi miqdorida.

Alohida holatlarda mukofot puli (mansab maoshining ikki barobari miqdorida) va moddiy yordam (mansab maoshining bir barobari miqdorida) ajratish ko‘zda tutilgan. Mukofot puli ajratish yoki intizomiy choralarni qo‘llash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.

Yuqorida sanab o‘tilgan rahbar lavozimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha barcha xarajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Budjetdan tashqari mablag‘lar

Davlat xizmatchilari maoshi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobiga ortishi mumkin. Budjetdan tashqari jamg‘armalar daromadlari davlat bojlari, yig‘imlar va soliqqa tortilmaydigan to‘lovlar, ma'muriy jarimalar va moliyaviy sanksiyalardan ajratmalar hisobidan shakllantiriladi (Budjet kodeksi 62-modda).

Budjetdan tashqari ushbu mablag‘lar mahkamalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: