«Keyn ko‘proq muhokama qilindimi yoki O‘zbekiston?» – APLdagi O‘zbekiston reklamasi qanday aks-sado berdi?

Sport 15:00 / 24.02.2019 33228

23 fevral kuni Angliya Premer-Ligasi 27-turidan o‘rin olgan «Byornli» - «Tottenhem» o‘yini o‘zbekistonlik muxlislar orasida keng muhokama qilindi. Chunki bu uchrashuv vaqtida «Terf Mur» stadionida «Life is too short not to visit Uzbekistan» (Hayot O‘zbekistonga tashrif buyurmaslik uchun juda qisqa) reklamasi ketdi. Shuningdek, reklamada Buxoroning parallaksidan ham foydalanilgan bo‘lib, u atrof bilan qorishib ketadi.

Dunyoning eng ommabop ligasida O‘zbekistonning reklama qilinishi, albatta yoqimli holatdir. Chunki bu chempionat o‘yinlarini butun dunyoda yuz millionlab kishilar tomosha qilishadi. Masalan, «Byornli» - «Tottenhem» o‘yinini 200 millionga yaqin kishi tomosha qilgan.

Xo‘sh, bu reklamaning foydasi bo‘ldimi? Uni qanday muhokama qilishmoqda? Ijtimoiy tarmoqlarning O‘zbekistondagi foydalanuvchilari bu reklama haqida jo‘shib gapirishlari turgan gap. Lekin boshqa mamlakatlardagi odamlarning fikrlari biz uchun qiziq. Futbol o‘yinlari ijtimoiy tarmoqlar orasida ayniqsa tvitterda keng muhokama qilinadi. Keling, dunyodagi tvitterchilar yuqoridagi mavzuda nimalar yozishgani bilan qiziqsak.

* «Byornli» - «Tottenhem» o‘yinini ko‘rib turgandim. U yerda hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa ekanini eslatishdi...».

* «Byornli» - «Tottenhem» o‘yinini ko‘rayotganda O‘zbekistonga borishni tavsiya qilishdi. Menimcha, borsam kerak».

* Bugungi o‘yin vaqtida nima ko‘proq muhokama qilinarkin: Xarri Keynning safga qaytganimi yoki hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa ekanimi?».

* «Hayot O‘zbekistonga tashrif buyurmaslik uchun juda qisqa» – «Terf Mur»da ko‘rish mumkin bo‘lgan tasodifiy reklamalarning eng ajoyibi».

* «Tottenhem»ning o‘yinida hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa deb yozishmoqda. Jozibali...».

* «Terf Mur»dagi tashkilotchilarning aytishicha, hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa ekan».

* Ko‘rinishidan hayot chindan ham O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqaga o‘xshaydi».

* Qarang, «Byornli» maydonida qanday ajoyib reklama: «Hayot O‘zbekistonga bormaslik uchun juda qisqa».

* «Hozirgina O‘zbekistonga chipta buyurtma qildim».

Ta'kidlash kerak, «O‘zbekturizm» tashabbusi bilan amalga oshirilgan bu reklama «Terf Mur» stadioniga bepul qo‘yilgan. Tashkilot xodimi Behruz Hamzayev APL bilan bu reklamani bepul joylashtirish bo‘yicha kelishgan. Uning aytishicha, bunday turdagi reklama APLdagilarga ham yoqqan.

Ko‘proq yangiliklar: