"O‘zbekenergo" AJ iste'molchilarni hisob-kitoblarning to‘g‘ri amalga oshirilayotganini tekshirishga chaqirdi

O‘zbekiston 16:55 / 22.02.2019 9403

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish to‘g‘risida”gi 897-sonli qaroriga muvofiq, joriy yilning birinchi yarim yilligida “O‘zbekenergo” AJ tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tajriba tariqasida aholi iste'molchilari tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar o‘rnatilgan me'yor asosida amalga oshirilmoqda.

"Vazirlar Mahkamasining mazkur qaroriga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab Yunusobod tumani iste'molchilariga oy davomida foydalanilgan elektr energiyasining 300kVt/soatgacha bo‘lgan qismi uchun belgilangan tarif bo‘yicha, 300kVt/soatdan ortiqcha iste'mol qilingan qismi uchun esa belgilangan tarifning 1,2 barobar oshirilgan koeffitsiyentini qo‘llagan holda amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent shahar Hududiy elektr tarmoqlari korxonasining Elektr energiyasini sotish bo‘yicha direktori Davrbek Imomov. –Iste'molchilarning oylik iste'moli Majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan “Elektrhisob” dasturiga kiritilgan oxirgi 2 ta ko‘rsatgichlaridan hosil bo‘lgan o‘rtacha sarfidan kelib chiqib, dastur tomonidan avtomatik tarzda hisoblab boriladi".

Ko‘plab fuqarolar, ushbu qarordan bexabarligi bois, o‘z ixtiyorlari bilan iste'mol qilgan elektr energiya hajmini hisoblagich ko‘rsatkichlari farqidan kelib chiqib hisoblab, to‘lov hujjatlarini (kvitansiyalarni) belgilangan tarif qiymati bo‘yicha (hozirgi 250 so‘m /elektro plitali xonadonlar – 125so‘m) yozgan holda to‘lovni amalga oshirib, go‘yoki “qarzdorlikni bartaraf qilganman”, “hozirda qarzdorligim mavjud emas” degan erta xulosaga kelmoqda.

Iste'molchilarga shuni ma'lum qilamizki, to‘lov hujjatida (kvitansiya) iste'mol qilingan elektr energiya miqdori (kVt/soat) qaysi tarifda hisoblanishidan qat'i nazar, barcha to‘lovlar “Elektrhisob” dasturiga mablag‘ ko‘rinishida qabul qilinadi.

Hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotlarga batafsil ega bo‘lib borishingiz uchun tuman elektr ta'minoti korxonasiga mobil raqamingizni taqdim qilishingizni so‘raymiz. Natijada mobil telefoningizga barcha ma'lumotlar (to‘lovlar, qarzdorlik, hisoblagich ko‘rsatgichlari) SMS xabar orqali yuborib boriladi.

Hurmatli, Yunusobod tuman elektr energiyasi iste'molchilari! Elektr energiyasidagi hisob-kitoblarning to‘g‘ri amalga oshirilayotganini Toshkent shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki Yunusobod tuman elektr ta'minoti korxonasining “Elektrhisob” dasturi orqali tekshirib borishingizni iltimos qilamiz.

“O‘zbekenergo” AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: