«Yechim taklif etamiz». Hikmat Abdurahmonov daraxtlar kesilishi va uylar ogohlantirishsiz buzilishi haqida

O‘zbekiston 19:46 / 21.02.2019 14631

Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi Hikmat Abdurahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda shaharda daraxtlarning noqonuniy kesilishi va ogohlantirishsiz buzilayotgan uylar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube 

 
Daraxt brakonerlari VS Jamoatchilik kengashi

Hikmat Abdurahmonov poytaxtning turli tumanlarida daraxtlar kesilishi masalasi to‘g‘risida shunday deydi: «Biz bu masalalarga tizimli yondashishga harakat qilmoqdamiz. O‘tgan yil yozida ijtimoiy tarmoqlarda juda ham katta muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Yoz vaqtida, ob-havo yaxshi paytda asosiy obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, keng muhokamalar kechdi. Toshkent shahrining ba'zi tumanlarida daraxtlarning noqonuniy kesilishi faktlari tasdiqlandi. Bu bo‘yicha biz Toshkent shahar hokimi bilan bir necha marta suhbatlashganmiz.

Xususan, bu masala yuzasidan Toshkent shahar hokimi, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi va shahar faollarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvlar natijasida tizimda umumiy reglament yo‘qligini sezdik.

Misol uchun, qurilish yoki obodonlashtirish ishlari sababli daraxtlarni ma'lum bir shaklga keltirish qoidalari tasdiqlanmagani, obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining bir-birini tushunmasligi, yagona reglament yo‘qligi ko‘zga tashlanardi. Bu masalaga sub'yektiv yondashilmoqda. 

Ikkinchidan, daraxtlarni kesganlik uchun belgilangan jarimalari miqdori pastligini aniqladik. Masalan, daraxtlarning norasmiy bozordagi narxi, uning jarimasidan ancha yuqoriligini bildik. 

Daraxtlarning kesilishi bo‘yicha «Mening fikrim» portalida ham fikrlar ilgari surilgandi. Masala Oliy Majlisga ham olib chiqildi. Menimcha, ushbu masala yana ko‘rib chiqilishi shart.

Uchinchidan, mas'ul tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari ham aniq emasligini ko‘rdik. Ya'ni, bu Toshkent shahar hokimiyati bo‘ladimi, tumanlar hokimiyati bo‘ladimi yoki shahar ekologiya boshqarmasi, bioinspeksiya xizmati bo‘ladimi, bundan tashqari, obodonlashtirish boshqarmalari orasida o‘zaro tizim aniq shakllantirilmagan. Biror muammo bo‘lsa, qaysi biri hal qilishi bo‘yicha aniq reglament ishlab chiqilmaganiga guvoh bo‘ldik.

Har bir daraxt kesilishi ehtimoli bo‘lganida ularga zudlik bilan borib, aniqlik kiritishga qancha resurs kerak. Agar bunda hamshaharlarimizning faol pozitsiyasi bo‘lmasa, hech qaysi jamoatchilik kengashining kuchi yetmaydi. Uch million kishi yashaydigan shaharda kunduzi yoki kechasi shunday holatlar ro‘y bersa, biz yetib bora olmasligimiz mumkin.

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarida murojaat qilish uchun Ichki ishlar boshqarmasining o‘z raqami bor, bunday holatlarda 102 raqami yoki 233−49−46 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish kerak bo‘ladi.

Undan tashqari, daraxtlarni noqonuniy kesishga qarshi kurashish maqsadida faollar tomonidan Telegram’da yaratilgan «Dendrobot» boti bor. Shuningdek, «Toshkent-2025» strategiyasiga ekologiya masalalarini alohida yo‘nalish sifatida kiritdik. Bu yo‘nalish bo‘yicha boshqa mamlakatlar, boshqa shaharlar tajribasini o‘rgangan holda Toshkent shahar hokimligi qoshida Daraxtlar kengashini tuzish niyatimiz ham bor.

O‘ylaymanki, 2019 yil oxirigacha daraxtlar masalasida tizimli yechim taklif etamiz».

Ogohlantirishsiz buzilayotgan uylar haqida

Hikmat Abdurahmonov poytaxtda ogohlantirishsiz buzilayotgan uylar va anglashmovchiliklarga yechim sifatida o‘z fikrlari bilan bo‘lishadi.

«Men bir necha oy oldin Moskva shahrida bo‘lgandim. Delegatsiya bilan birgalikda Moskva meriyasi rahbariyati bilan uchrashdik. Ayni shu masaladagi savolni ularga ham berdik. Singapurda ham shu masalaga murojaat qildik.

Moskva misolida gapiradigan bo‘lsak, u yerda ham jadal qurilish ishlari ketmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 8,5 mingta ko‘pqavatli uy renovatsiya dasturiga kirgan. Moskva shahrida yaqin 5 yil ichida 25 mln. kv. m. maydonga yangi turarjoylar qurilishini aytishdi.

Dasturga kiritilgan uylarning ro‘yxati tuzilib, shaffoflikni ta'minlash maqsadida internetda e'lon qilishar ekan. Moskvadagi «Faol fuqaro» («Aktivnyy grajdanin») dasturi orqali shaharliklar o‘zlarining uylari shu dasturga kirish-kirmasligi masalasini ovoz berish orqali tasdiqlasharkan. Ovoz beruvchilarning 2/3 qismi ijobiy ovoz bersa, uy renovatsiya qilinarkan. Yuridik nuqtai nazardan shunday tajribalar mavjud. Menimcha, bu tajribani biz Toshkent shahrida ham sinab ko‘rishimiz, tatbiq qilishimiz kerak.

Fuqarolar ham xursand bo‘ladi, poytaxt respublikamizdagi boshqa shaharlarga ham namuna bo‘lishi zarur. Shahrimizda ham qurilish dasturiga kirgan uylar ro‘yxati e'lon qilinishi, fuqarolar va hokimiyatning o‘zaro muzokaralarga kirishishi masalalarga yechimlar topilishiga turtki bo‘lardi. Jamoatchilik kengashi bunda o‘zini platforma sifatida taklif etadi».

Ma'lumot uchun, Hikmat Abdurahmonovning faoliyati bilan uning Telegram-kanalida tanishib borishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: