Yashirin sexda 17 tonnadan ortiq neft mahsulotlari saqlanayotgani aniqlandi

Jamiyat 14:20 / 21.02.2019 11318

Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Xonqa tumani hududida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlash va ularni belgilangan tartibda soliqqa jalb qilish yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

«Olaja» qishlog‘i «Oydin Hayot» mahallasidagi yashirin sexda 17 tonnadan ortiq neft mahsulotlari saqlanayotgani aniqlandi, deya xabar bergan Xorazm viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘'basi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati

Ushbu maxfiy sex xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, «Yangi turmush» mahallasida yashovchi H.B. bu yerda bitum mahsulotini ishlab chiqarayotgani, biroq sexga tegishli hech qanday hujjatlar yo‘qligini ma'lum qildi.

Qonuniy tartibda dalolatnoma tuzilib, xolislar ishtirokida yashirin sexda mavjud bo‘lgan 16 turdagi, jami umumiy qiymati 35 mln. 893 ming so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida vaqtincha olib qo‘yildi.

“Davlatning eng muhim resurslariga zarar yetkazish orqali daromad topishga urinish tadbirkorlikka kirmaydi. Qolaversa, noqonuniy sex tashkil etib, boylik orttirishga hech kimning haqi yo‘q. Ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishliligi bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xonqa tumani bo‘limiga yuborildi”, - deyiladi DSQ xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: