Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlikning oldini olishga qaratilgan elektron tizim joriy etiladi

O‘zbekiston 16:16 / 21.02.2019 2830

 
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va nazoratsizlikning oldini olish va bolalarni ta'limga jalb qilishga qaratilgan elektron tizimni yaratish to‘g‘risi”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va nazoratsizlikning oldini olish, bolalarni ta'limga jalb qilish maqsadida elektron axborot tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Axborot tizimining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlikni oldini olishga ko‘maklashish va monitoringini olib borish;

huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lgan voyaga yetmaganlarning bazasini shakllantirish va ular orasida huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish uchun ma'naviy-ma'rifiy darslarni olib borish;
 
maktab o‘quvchilarining ta'limga jalb qilinishida va darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishni nazorat qilish;

o‘quvchilarni ta'limga jalb qilish yuzasidan oila, fuqarolarning  o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, vasiylik va homiylik organlari, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyalar, ichki ishlar organlari hamkorligining samaradorligini oshirish choralarini ko‘rish.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Xalq ta'limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi:

axborot tizimini ishlab chiqadi va 2019 yil 1 sentyabrga qadar ishga tushirilishini ta'minlaydi;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda axborot tizimga ulanadigan tashkilotlarning ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Belgilanishicha:

axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar o‘rnatilgan tartibda Xalq ta'limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;  

axborot tizimini takomillashtirish, texnik qo‘llab quvvatlash va axborot xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha mas'ul operator deb Xalq ta'limi sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi hisoblanadi;

hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlaridagi yoki ma'lumotlar bazalaridagi takomillashtirishlar yoxud elektron hamkorlik to‘g‘risidagi texnologik yo‘riqnomaning o‘zgarishiga olib keladigan har qanday o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: