Shahrisabzni YuNESKO Umumjahon merosi ro‘yxatidan o‘chirish to‘g‘risida hujjat tayyorlanayotgani haqidagi ma'lumot rad etildi

O‘zbekiston 09:53 / 21.02.2019 7091

O‘zbekistonning YuNeSKOdagi doimiy vakolatxonasi maxsus axborot bilan chiqdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi qator OAVning YuNESKO Umumjahon merosi markazi tomonidan O‘zbekistonning Shahrisabz shahrini Umumjahon merosi ro‘yxatidan o‘chirish to‘g‘risidagi hujjat loyihasi tayyorlanayotgani borasida tarqatgan axborotini rad etgan.

«Doimiy vakolatxona Umumjahon merosi markazi rahbariyati bilan olib borilgan maslahatlashuvlardan keyin shuni ta'kidlaydiki, maqolalarda nomlari qayd etilgan mutaxassislarning Umumjahon merosi markaziga aloqadorligi yo‘q va uning nomidan biron bir bayonot berishga vakolatli emas», - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil iyun oyi oxirlarida YuNeSKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi Shahrisabz tarixiy markazini ro‘yxatdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqqandi. Ushbu masala ijobiy hal bo‘lgandi.

O‘shanda O‘zbekistonga yana bir yil davomida turli komissiyalar tashrif buyurib, vaziyatni nazorat qilishi, Shahrisabz tarixiy markazini YuNeSKO jahon meroslari ro‘yxatida qoldirish nuqtai nazaridan ishlar davom ettirilishi xabar berilgandi.
 
Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 9 iyun kuni “YuNeSKOning umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasidagi hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 435-sonli qarorni qabul qilgan edi. Unga muvofiq, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrining tarixiy markazida keng ko‘lamda qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borishda Konvensiya va uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qo‘llanma qoidalariga rioya qilmasdan va ularning loyihalari YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishilmagan holda olib borilgani uning bemisl universal va umumbashariy qiymatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Natijada, YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining 40-sessiyasi qarori bilan Shahrisabz tarixiy markazi 2016 yilda Umumjahon merosining xavf ostidagi obektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: