Salim Abduvaliyevdan Ochilboy Ramatovgacha: O‘zbekistonda sportni kim nazorat qiladi?

Sport 17:00 / 20.02.2019 92720

Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshida sport federatsiyalari faoliyat ko‘rsatadi. Qizig‘i shundaki, ko‘plab federatsiyalarga amaldorlar va siyosatchilar rahbarlik qilmoqda.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va transport vaziri Ochilbay Ramatov boks federatsiyasi raisi hisoblanadi. U O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasini ham boshqaradi.

Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva velosiped sportini rivojlantirish bilan shug‘ullanmoqda.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev regbi federatsiyasiga boshchilik qiladi.

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov mamlakatda basketbol rivoji uchun mas'uldir.

Milliy xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Rustam Inoyatov tennis federatsiyasi prezidenti sanaladi.

Voleybol federatsiyasini «O‘ztransgaz» boshqaruvi sobiq raisi Alisher Mustafoyev boshqarmoqda.

Og‘ir atletikachilar esa bosh vazir sobiq o‘rinbosari Botir Zokirov tomonidan nazorat qilinadi.

Afsuski, O‘zbekistonda sport sohasida biznes vakillarini juda kam uchratish mumkin. O‘z navbatida, mablag‘ ham kam. Ko‘pgina mamlakatlarda davlat xizmatchilari emas, balki tadbirkorlar sportni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlar pul mablag‘larini ajratadi, musobaqalarga homiylik qiladi va hokazo.

Masalan, AQShda sport uchun javob beradigan vazirlik yo‘q, Milliy olimpiya qo‘mitasi esa budjet pulining bir sentini ham olmaydi. Olimpiya qo‘mitasiga mablag‘larni homiylar va TV beradi, ammo bu mablag‘lar barcha xarajatlarni qoplamaydi. Shuning uchun, AQShda ko‘plab sportchilar ba'zan oddiy odamlarga turli xil internet-saytlar va homiylik dasturlari orqali moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilishadi. Xususan, skeleton bo‘yicha jahon chempioni Keti Ulander bir vaqtlar parvozlar, muz, uy-joy ijarasi va tig‘lar xarid qilish uchun 6,5 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni sayt orqali to‘plagan.

O‘zbekiston sporti haqida to‘xtalar ekanmiz, taniqli ishbilarmon Salim Abduvaliyev sport kurashlari assotsiatsiyasini boshqaradi.

Yaqinda tadbirkor Feruz Abdullayev O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining yangi rahbariga aylandi.

Joriy yilning 13 fevral kuni milliarder Fattoh Shodiyevning jiyani O‘zbekiston xokkey federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari etib saylandi.

Shunga qaramay, ko‘pgina mamlakatlarda siyosatchilar va amaldorlar emas, balki aynan tadbirkorlar hamda homiylar sportni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Ulug‘bek Akbarov

Ko‘proq yangiliklar: