Qozog‘iston Toshkentga gaz tranzitida pul ishlashni boshladi

O‘zbekiston 15:08 / 20.02.2019 17001

Toshkentga Qozog‘iston orqali tranzit bilan gaz yetib kelishni boshladi. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Kanat Bozumbayev aytib o‘tdi, deya xabar qilmoqda LS.

2018 yil oxirida «O‘ztransgaz» va «KazTransGaz» birinchi marta Qozog‘iston hududi orqali tabiiy gazni Toshkent shahri iste'molchilarini ta'minlash uchun yetkazib berish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Kelishuv shartlariga ko‘ra, Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekiston gazining 1 milliard kub metri yetkazib berilishi kerak.

Bozumbayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuvlar natijasida shu yil qishda janubiy mintaqalarning gaz ta'minotida uzilishlarga yo‘l qo‘yilmadi.

«Yanvar oyida biz tarixda birinchi marta Toshkent gaz ta'minoti uchun tranzit taqdim etdik. Bu bizning gaz-transport tizimlarimiz imkoniyatidan to‘liq foydalanishga eshik ochib berdi. Tranzit tariflar 1 ming kub metrga 2,9 dollarni tashkil etadi, bu teng asosda, sababi Qozog‘iston ham o‘z janubini o‘zbek tranziti orqali ta'minlaydi», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Avvalroq, tranzit tashuvlar «Gazli-Chimkent» va «Buxoro gazli tumani - Toshkent - Bishkek - Olmaota» magistral gaz quvuri orqali amalga oshirilishi ma'lum bo‘lgandi.

Kutilishicha, Qozog‘iston hududi orqali gaz tranziti Toshkentga qishki mavsumda energetika muvozanatini ta'minlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston O‘zbekistonga neft yetkazib berishga tayyorligi, biroq hozircha infratuzilma yo‘q ekani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: