Shaxmat taxtasida navbatdagi yurish. Makedoniya nega NATOga kirmoqda?

Jahon 16:48 / 18.02.2019 19886

Yosh yigitlar gaplashib turishsa bir-birlariga «Messimi yo Ronaldu?», «Real»chimisan yo «Barselona»chimi?», deya savol berishadi. Shunday intrigali savollardan so‘ng suhbat o‘z-o‘zidan qizib ketadi. Kattaroq davralarda esa yuqoridagi ikkita varianti bor savol boshqacha ko‘rinish oladi: Rossiyami yoki Amerika? Bu ikki yirik davlat uzoq yillardan buyon deyarli barcha sohada raqobatlashib keladi. Mashhur asarda yozilganidek: «Ular hokkey jamoalari o‘rtasidagi o‘zaro uchrashuvda kiritilgan shaybaga ham siyosiy yutuq sifatida baho berishadi». Bu davlatlar shunchalik qudratliki, boshqa mamlakatlarda ham odamlar «amerikachi» yoki «rossiyachi»ga bo‘linishadi.

Bu «raqobatda» bizda ustunlik kim tomonda deb o‘ylaysiz? Shubhasiz, ustunlik «rossiyachilar» tomonda. Birinchidan, Rossiya sobiq «katta og‘a», ikkinchidan, millionlab vatandoshlarimiz Rossiyada mehnat qilib ro‘zg‘or tebratyapti, to‘ylar qilyapti.

Yaqinda bir taksichi amaki bilan gaplashib qoldim. Gapdan gad chiqdi-yu, AQSh juda ajoyib davlat ekani, shunchalik ajoyibki, butun dunyoda millionlab odamlar u yerga borib ishlashni orzu qilishlarini aytdim. Shunda hamsuhbatim jahl bilan shunday dedi: «Uka, sen o‘zi televizor ko‘rasanmi? Rassiya (ha, aynan Rassiya) Amerika sohillariga suv osti kemalarini oborib terib qo‘ygan, lekin ular bilmaydi. Sen bo‘lsang Amerikani maqtaysan?». Markaziy razvedka byurosi agentlari ham bilmaydigan ma'lumotlarga ega bo‘lgan odam oddiy taksi haydab yurganidan hayron bo‘ldim-u, ortiq tortishmadim.

Bu ikki davlat qurollarini bir-birining «burniga tirab qo‘yishi» haqidagi «afsonalar» bejizga paydo bo‘lmaydi. Kubada Rossiyaning mashhur harbiy radioelektron markazi borligi sir emas. Fidel Kastro ham Rossiyaga kelganida bejizga «Viva, Lenin!» deb xitob qilmasdi. Lekin ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy shaxmat o‘yinida eng kuchli yurishni baribir Amerika qiladi. 1949 yil Vashingtonda NATO degan harbiy tashkilotga asos solinadi. Bu tashkilot rasman Amerikaniki emas, lekin alyans Rossiya hududlari tomon kengayib bormoqda. Tez orada «natochilar» soni yana bittaga ortadi.

NATOga shu vaqtgacha 29 mamlakat a'zo bo‘lgandi. 12 fevral kuni ularning soni yana bittaga ko‘payishi ma'lum bo‘ldi. Makedoniya shu kuni mamlakat nomini Shimoliy Makedoniya deb o‘zgartirdi va endilikda janubiy-sharqiy Yevropada joylashgan bu mamlakatning Yevropa Ittifoqi hamda NATOga kirishiga hech narsa xalaqit bermaydi.

Gap shundaki, Gretsiya 1991 yildan buyon Makedoniyadan mamlakat nomini o‘zgartirishni talab qilar va Makedoniya Gretsiyaning tarixiy shahri nomi ekanini iddao qilardi. Biror mamlakatning Yevropa Ittifoqi hamda NATOga a'zo bo‘lishi uchun esa a'zo davlatlarning barchasi bunga rozi bo‘lishi kerak. Makedoniya nomi faqat o‘ziga tegishli ekanini ta'kidlaydigan Gretsiya Makedoniyaning tashkilotlarga kirishiga bu mamlakat nomini o‘zgartirgandan keyingina rozi bo‘lishini bildirib kelardi.

Makedoniya o‘zining Yevropa Ittifoqiga a'zo bo‘lishiga qarshi chiqayotgan Gretsiya ustidan Haagadagi xalqaro sudga murojaat qiladi. Sud Gretsiya Makedoniyaning YeI hamda NATOga kirishiga qarshilik ko‘rsatishga haqli emasligi haqida qaror qabul qiladi. Biroq rasmiy Afina qarshilik qilishda davom etdi. Oxir-oqibat taqdirga tan bergan Makedoniya komromissga borishga majbur bo‘ladi.

Prespa kelishuvi

RIA Novosti / Aleksey Vitvitskiy 

2018 yilning 12 iyunida tomonlar uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng bir to‘xtamga kelishdi va Makedoniya o‘z nomini Shimoliy Makedoniya deb o‘zgartirishga rozi bo‘ldi. 5 kun o‘tib, 17 iyun kuni ikki mamlakat o‘rtasida joylashgan Prespa ko‘li sohilida tantanali marosim o‘tkazilib, tomonlar kelishuv shartnomasini imzoladi. «Prespa shartnomasi» nomini olgan kelishuvga ko‘ra, Makedoniya o‘z nomini o‘zgartirish bo‘yicha jarayonni boshlaydi. O‘tgan yil sentyabrida Makedoniyada referendum o‘tkaziladi, unda qatnashganlarning 91 foizi ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga roziligi so‘ralgan byulletenlarda «Ha» degan javobni belgilagan. Qizig‘i, saylov byulletenlarida «Siz mamlakat nomi Makedoniyadan Shimoliy Makedoniyaga o‘zgarishiga rozimisiz?», deb emas, «Siz Makedoniya va Gretsiya o‘rtasidagi kelishuvga ko‘nish asnosida mamlakatning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishiga rozimisiz?», deb so‘ralgan. Bu esa Makedoniya o‘z nomini o‘zgartirishni unchalik istamagani, biroq mamlakat manfaati uchun bunga majbur bo‘lganini anglatadi.

«30-snaryad»

Foto: REUTERS / Ognen Teofilovski

NATO Makedoniyaning alyansga kirishi uchun hech qanday muammo yo‘qligini ma'lum qildi. Demak, bemalol dunyodagi eng yirik harbiy blok ishtirokchilari soni 30taga yetdi desak bo‘ladi. 6 fevral kuni Bryusselda Makedoniyaning NATOga kirishi borasida hujjat imzolandi. Byurokratik jarayonlar yakunlansa, ya'ni qolgan 29 a'zo hujjatni rasman tasdiqlasa, Makedoniya shu yildayoq rasman alyans a'zosiga aylanishi mumkin.

Qayd etish kerakki, NATO bungacha Rossiyaga yaqinlashish uchun ikki marta dadil qadam tashlagan. 1999 yil alyans o‘z tarkibiga Vengriya, Polsha va Chexiyani qo‘shib olgandi. Bu Rossiya chegaralari sari tashlangan yirik qadam edi. Chunki, Polsha Rossiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shnisi bo‘lsa (ko‘p o‘tmay Polshaning Elblong shahrida NATOning harbiy bazasi ochiladi. U Rossiyaning Kaliningrad viloyatidan atigi 50 km masofada joylashgan), Chexiya tashkilotga qo‘shilgan ilk slavyan davlati bo‘lgandi. Bu uchta mamlakat 1999 yil 12 martda NATOga qo‘shilishadi. Bu esa 1999 yilning 9 avgustida Rossiyada hukumat tepasiga kelgan Vladimir Putin uchun «ajoyib sovg‘a» bo‘lgandi.

5 yil o‘tgach, ya'ni 2004 yilda NATO Rossiya tomonga yanada dadilroq qadam tashlaydi. Tashkilot Latviya, Litva, Estoniya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya kabi davlatlarni o‘z safiga qo‘shib oladi. 2009 yilda Albaniya va Xorvatiya bilan «boyigan» NATO safiga keyingi 8 yil ichida yangi a'zo qo‘shilmadi. 2017 yildan esa kengayish davom etdi, Chernogoriya alyansning 29-a'zosi bo‘ldi. Tashkilotga qo‘shilgan oxirgi uchta a'zo slavyan davlatlaridir. Bejizga slavyan davlatlarning NATOga qo‘shilishiga alohida urg‘u bermayapmiz. Chunki, Rossiya ham slavyan davlat hisoblanadi.

Makedoniyaning NATOga qo‘shilishi strategik jihatdan muhim hisoblanadi. Alyans shu tariqa sobiq Yugoslaviyani (ko‘pchilik nazdida bir vaqtlar o‘zi yer bilan yakson qilgan Yugoslaviyani) «egallab olish» yo‘lida yana bir qadam tashladi. Tashkilot Bosniya va Serbiyani ham o‘z safiga qo‘shib olish uchun harakatlarni boshlagan. Albatta, Rossiyaning yaqin hamkori hisoblangan Serbiyani qo‘shib olish oson bo‘lmaydi, lekin hozir hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Amerikada nima gaplar?

Amerikadagi Bloomberg nashrida e'lon qilingan maqolada aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar Makedoniya kabi kichik davlatning NATOga qo‘shilishi uchun «o‘lib tirilgani yo‘q». Nashrning yozishicha, Makedoniya shunchaki AQSh uchun yangi «nonxo‘r» bo‘ldi. Chunki Amerika tashkilotdagi kichik davlatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Yetmaganiga bu davlatlarga hujum qilinsa, yana AQSh yordamga chopishi kerak. Biroq Amerika dunyodagi hech bir davlatni o‘zidan katta deb bilmaslik barobarida, dunyodagi hech bir davlatni e'tibordan chetda qoldirmaydi.

Bonusiga Yevropa Ittifoqiga a'zolik

Makedoniya uchun NATOga kirish hayot-mamot masalasi emas. Lekin Yevropa Ittifoqiga kirishni har qanday davlat xohlasa kerak. Ayniqsa Makedoniya kabi kichik mamlakatlar. Qolaversa, Makedoniya qit'aning eng qashshoq davlatlaridan hisoblanadi. Shu jihatdan 2 milliondan ko‘proq aholisi bo‘lgan kichik davlat uchun Yevropaga ochilgan yo‘l ayni muddao.

«Bu yarimoroldagi barqarorlik uchun muhim qadam bo‘ldi»

Makedoniya, darvoqe, endilikda Shimoliy Makedoniya Mudofaa vaziri Radmila Shekerinskaya xonimning (G‘arbda ayollarning mudofaa vaziri bo‘lishi yangilik emas. Ayniqsa, xalqaro harbiy amaliyotlarda qatnashmaydigan mamlakatlarda bunga oddiy hol deb qarash mumkin) mamlakatning NATOga kirishi haqida shunday deydi: «Barqaror va rivojlangan Bolqonsiz barqaror Yevropani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Makedoniyaning NATOga qo‘shilishi hududdagi tinchlik uchun muhim qadam bo‘ldi. Bu Bolqon mamlakatlarining oldinga qadam tashlayotganidan darak beradi. NATO bizning uzoq yillik hamkorimiz. NATOga a'zo bo‘lmagan vaqtimizda ham 4 000 nafardan ortiq askarimizni tashkilotning turli missiyalariga yuborganmiz. Bu esa armiyamizning yarmi deganidir. Shunday ekan, bizni kichik davlat deb bepisand bo‘lishlari to‘g‘ri emas. Kichik davlatlar ham tashkilotga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin».

G‘arb talvasasi o‘zini oqlamadi

Foto: AFP

G‘arbda Rossiyaga nisbatan favqulodda nafrat borligini ko‘pchilik biladi. Go‘yoki, dunyodagi barcha qabihliklar aynan ruslar tomonidan qilinayotgandek tasavvur shakllangan. Lekin bunday qarashlar asosli emas. G‘arb nashrlari Makedoniya va Gretsiya o‘rtasidagi kelishmovchiliklardan ham Rossiyani qoralash uchun foydalanib ko‘rdi. Avvaliga, Gretsiyaga rossiyalik diplomatlar borgani va ular ikki mamlakat o‘rtasiga nifoq tushirishni maqsad qilgani aytildi. Keyinroq, Makedoniyadagi rossiyaparastligi aytiladigan «Yagona Makedoniya» partiyasining (shunchaki ma'lumot uchun, Rossiyadagi hukmron partiyaning nomi ham «Yagona Rossiya») mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishga urinayotgani Rossiyaning aralashuvi bilan bog‘landi.

«Yagona Makedoniya» chindan ham mamlakatning NATOga qo‘shilishiga qarshi chiqib, namoyishlar o‘tkazdi, lekin bunday fikrdagi odamlar oddiy xalq orasida ham bor edi. Oxir-oqibatda, Rossiya Makedoniya va Gretsiya o‘rtasiga nifoq soladi degan talvasalar o‘zini oqlamadi. Amerikalik jurnalistlarning aytishicha, Rossiya butun boshli AQShning prezidentlik saylovlariga aralashgan. Nafaqat aralashgan, balki uning natijalariga ham ta'sir ko‘rsatgan. Endi o‘ylab ko‘ring, dunyoning eng qudratli va eng himoyalangan mamlakati saylovlariga aralashgan Rossiya kichik bir davlatdagi referendum natijalariga ta'sir qila olmasmidi?

NATO uchun har bir yangi a'zo shubhasiz, siyosiy yutuq hisoblanadi. Lekin ruslar Makedoniyaning tashkilotga qo‘shilishiga unchalik e'tibor berishgani yo‘q. Aftidan, bu mamlakatning endilikda «Rossiya dushmanlari safida bo‘lishi» unchalik ahamiyatli emas. Ruslar balki gap Serbiya haqida ketganida masalaga jiddiyroq qarashardi. Ammo hozircha Rossiya va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlar chakki emas.

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: