Bolalar bog‘chasidagi holat: g‘allaorollik mutasaddilar bunga nega ko‘z yumishmoqda?

Jamiyat 14:00 / 18.02.2019 34117

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Lalmikor mahallasi fuqarolari nomidan quyidagicha murojaat kelib tushgach, shu hududdagi 6-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida bo‘lib, mavjud vaziyat bilan yaqindan tanishdik.

«Hurmatli Kun.uz tahririyati ijodkorlari. G‘allaorol tumani «Lalmikor» MFYdagi 6-bolalar bog‘chasida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan holatlar bo‘lyaptiki, uni oshkor etmasak nohaqliklar davom etaveradi. Bog‘chadagi pala-partishliklar, go‘daklar haqiga xiyonat, ishchi xodimlarning insoniy manfaatlari toptalishi oldi olinishida bizga yordam bering. Ishchi xodimlar rag‘bat pullarni olmasa, hatto bilmasa, buning huzurini mudira ko‘rsa, haqimizni so‘rasak «men tekshirishga kelgan komissiyaning og‘zini yopganman», desa? Tahririyat xodimlari! Sizlardan iltimos, kelib vaziyatni o‘rganib, bizga haqiqatni yuzaga chiqishida yordam bering».

Ushbu murojaatni o‘rganish maqsadida bog‘cha hududiga kirib bordik. Soat kunduzgi 12:00, to‘g‘ri oshxonaga o‘tamiz.

U yerda paxta dalasidagi shiyponlarda taom pishirishda ishlatiladigan doshqozonga ko‘zimiz tushdi.

Dala oshxonasidagi qozonda bir bo‘lak ham go‘shti bo‘lmagan karamli sho‘rva tayyorlanayotgandi. Ko‘p o‘tmasdan qo‘lida bir chelakka solingan, go‘shti shilinib olingan suyaklarni ko‘tarib oshpaz kirib keldi. Chaqirilmagan mehmonlarni kutmagan oshpaz qozonda bir bo‘lak ham go‘sht yo‘qligi sababini izohlab bera olmadi. Sezishimizcha, oshpaz go‘shti shilib olingan tovuq suyaklarini qaynab turgan qozonga solmoqchi edi.

Oshxonada bolalar uchun muassasa mudirasi tomonidan tasdiqlangan bugungi taomnomani so‘radik. Bosh oshpaz javob bera olmagach, tekshiruvchilarni ko‘raverib, ko‘zi pishib qolgan yordamchi oshpaz taomnoma bog‘cha hamshirasidaligini, hamshira esa tuman markaziga ketganini aytdi. Qiziq, aslida bolalar kunlik taomnomasi oshxonada bo‘lishi kerak emasmi? Aniqlanishicha, shu kuni 210 nafar bola uchun tushlik tayyorlangan. Me'yor bo‘yicha har bir bolaga 100 grammdan go‘sht ishlatilishi lozim. Shunday ekan, taomga o‘rtacha 22 kg go‘sht mahsuloti solinishi kerak emasmi? Afsuski, siz suratda ko‘rib turgan go‘sht mahsulotlari uzog‘i bilan 4 kilogramm chiqadi. Buning ustiga, ovqat pishay deb qolgan, go‘sht esa hali ham qozonga solinmagan.

Maktabgacha ta'lim muasasasi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib 1969 yili qurib foydalanishga topshirilgan. Shu yerlik aholi vakillarining ma'lum qilishicha, o‘tgan davr davomida bor-yo‘g‘i ikki marta ta'mirlangan. Ko‘rinishidan, tarbiya maskani chindan ham kapital ta'mirga muhtoj. Guruh xonalaridagi antisanitariya holatlarini hech qanday bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Bolalar soni ko‘pligidan kichik omborxonadan ham foydalaniladi.

Ushbu xonalar bolalar uchun ham yotoqxona, ham mashg‘ulot xonasi hamda ovqatlanish xonasi vazifasini o‘taydi. Har bir guruxda 30–35 nafardan ziyod bola bo‘lsa, yotoq karavotchalari nari borsa 28tani tashkil etadi. Natijada, ayrim yotoq karavotlarida 2 nafardan bola yotishga majbur bo‘lmoqda.

Ovqatlanish uchun mo‘ljallangan stol-stullar kamligidan ayrim tarbiyalanuvchilar tik oyoqda yoki polda o‘tirgancha ovqatlanishadi. Bu holat hech kimni ajablantirmay qo‘yganiga qaraganda, nafaqat tarbiyachi-yu tarbiyalanuvchilar, hatto ota-onalar ham bu holatga ko‘nikib ketishgan.

Taxta yog‘och va eski mebel siniqlaridan yasalgan stol va kursilarni gapirmasa ham bo‘laveradi.

«Men bog‘chaga kelganimda bor-yo‘g‘i bittagina guruh faoliyat yuritardi. Sakkiz yilda men shu bog‘chani namunali holatga keltirdim. Bu yerga mehnatim singgan. Bolalar soni ko‘pligiga kelsak, tarbiyalanuvchilarimizning ota-onalari ishchi xodimlar, davlat ishida faoliyat yuritishadi. Olishga majburmiz. Bog‘chamizda rus va ingliz tillari mukammal o‘rgatilyapti. Ota-onalar bolajonlari til o‘rganishini istashadi. Boshqa barcha ayblovlarni tuhmat deb bilaman. Men ishchi xodimlarimning oylik maoshiga ham, rag‘bat pullariga ham xiyonat qilmaganman. Hamma xodimlar o‘z shtatida turibdi, ish ketyapti», deydi biz bilan suhbatda bog‘cha mudirasi.

Vaziyatga G‘allaorol tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudirasi Gulchehra Hojiqulova shunday izoh berdi: «Maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri vazifasiga o‘tganimga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shu qisqa davr mobaynida tumandagi 6-MTM tarbiyalanuvchilarining ota-onalari yoki xodimlaridan shikoyat kelib tushmagan. Hozir quvvatga nisbatan bola ko‘p – jami 210 nafar tarbiyalanuvchining barchasi belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilingan. Har bir bola uchun badal puli to‘lanyapti. Noqonuniy holat aniqlanmagan. 210 nafar bola belgilangan tartibda ovqatlanyapti. Barcha oziq-ovqatlarni yetkazib beryapmiz. To‘xtovsiz nazorat ostiga olyapmiz. Shaxsan o‘zim bir necha marta borgan bo‘lsam, hammasi nazorat ostida bo‘lgan».

«Men shu 6-sonli bolalar bog‘chasining kuzatuv kengashi raisiman, bundan bir necha yillar oldin bu bog‘cha judayam xarob edi. Hozir havas qilsa arziydi. Bog‘cha mudirasi juda yaxshi mehnat qilyapti. Biz ota-onalar hammamiz rozimiz. Bu yerda hech qanday kamchilik sezganimiz yo‘q, mudira bog‘cha uchun ko‘p mehnat qilgan», – deydi Dilmurod Berdiyorov.

Bugungi kunda bolalar o‘rtasida kamqonlik, ko‘rish qobiliyati pastligi, yassitovonlik kabi turli darajadagi kasalliklar aniqlanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi kasalliklarning paydo bo‘lishiga ona salomatligi va oiladagi muhit bilan bir qatorda kun davomida bola tarbiyalanadigan muassasadagi sharoit va u iste'mol qilayotgan oziq-ovqatlar sifati ham sabab bo‘lishi mumkin ekan. Shunga qaramay, joylarda hanuzgacha davlat tomonidan yetkazib berilayotgan mahsulotlar bolalarga to‘liq yetib kelmasligi holatlari uchrab turishi achinarli holdir.

Qachongacha jajjigina bolakaylar «an'anaviy» go‘shsiz karam sho‘rva-yu makaron dimlama, shavla kabi taomlarni iste'mol qilishga majbur? Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini bevosita nazorat qiluvchi mas'ul shaxslarning muammolarga panja ortidan qarashini qanday baholash mumkin?

Umid qilamizki, G‘allaorol tumani Lalmikor mahallasida joylashgan 6-sonli maktabgacha ta'lim muassasasidagi vaziyat tegishli idoralar tomonidan nazoratga olinadi va mavjud muammolar tez kunlar ichida ijobiy hal etiladi.

Gulchehra Sharipova,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: