Samarqandda sobiq ichki ishlar organi xodimi yetti yillik kurashdan so‘ng fuqarolikni tikladi

Jamiyat 15:07 / 13.02.2019 26537

Bir qator nashrlarda yetti yil muqaddam fuqarolikdan noqonuniy tarzda mahrum bo‘lgan va ishdan bo‘shatilgan ichki ishlar organi xodimi samarqandlik Xurshida Jalilova haqida ma'lumot berilgandi.

Hook’ning yozishicha, bir necha yillik kurashdan keyin Xurshida Jalilova nihoyat fuqarolikni tiklagan. 11 fevral kuni u va uning o‘g‘illari Samarqanddagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida biometrik pasport olish uchun suratga tushishdi.

«Apellyatsiya sudi uch majlisda ko‘rib chiqildi», - dedi X.Jalilova.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining harakati va ular chiqargan qaror qonunga xilof deb topilgan.

Ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq ham noqonuniy hisoblanadi. Sud qaroriga ko‘ra, uni ishga tiklashlari va 2012 yilning iyun oyidan boshlab ish haqini to‘lab berishlari kerak.

O‘z navbatida, Jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning yozishicha, Xurshida Jalilova Samarqandda tug‘ilib, voyaga yetgan. U Toshkent Oliy militsiya maktabi kursanti Habibullo Mamatqulovga turmushga chiqqan. Turmush o‘rtog‘ini Ichki ishlar vazirligi 1989 yilda Qirg‘izistonga komandirovkaga, ya'ni ma'lum muddat ishlashga yuboradi. O‘sha paytda Qirg‘iziston ham, O‘zbekiston ham bir mamlakat – sobiq ittifoq hududida edi.

O‘zgan voqealari vaqtida u turmush o‘rtog‘i bilan o‘sha yerda bo‘lgan, turgan uylari yonib ketib, barcha hujjatlari, jumladan pasporti ham kulga aylangan. 1994 yilda H.Mamatqulov O‘zbekistonga qaytib, Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ishga kiradi. Ko‘p o‘tmay u bu dunyoni tark etadi. X.Jalilova Samarqandga qaytadi.

U barcha hujjatlarni tayyorlab, tegishli tekshiruvlardan o‘tgach, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini oladi. Tarix yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma'lumoti bo‘lishiga qaramasdan, turmush o‘rtog‘ining ishini davom ettirish maqsadida oliy yuridik ma'lumot oladi va ichki ishlar tizimiga ishga joylashadi. X.Jalilova 16 yil davomida uchastka inspektoridan katta tergovchigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi.

Bu voqea 2012 yilda yuz bergan. Kapitan X.Jalilovaga navbatdagi mayor unvonini berishdan oldin uning hujjatlari tekshirilganda, ayrim mutasaddilar uni mavjud qonunchilikni buzgan holda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olgan degan xulosaga kelishgan. U va uning ikki nafar o‘g‘lining yetti yillik sarson bo‘lib yurishlari ana shu voqea bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: