Madaniy boyliklarning O‘zbekistondan olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘yilmadi

Jamiyat 15:14 / 13.02.2019 6830

Bugungi kunda joriy qilingan qulayliklar natijasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashgani, nazoratning samarali usullari qo‘llanilayotgani sababli endilikda yo‘lovchilar tirbandliklarsiz, tez fursatlarda bojxona nazoratidan o‘tkazilmoqdalar.

Ammo yaratilayotgan qulayliklarga qaramay ayrim yo‘lovchilar tomonidan hali hamon qonunbuzilish holatlari kuzatilmoqda. Xususan, “Termiz-Vnukovo” yo‘nalishi uchib ketayotgan fuqaro Sh.M “Yashil” yo‘lakdan harakatlanayotganda belgilangan tartibda bojxonachilar nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, uning qo‘l yuklari orasidan bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va qadimiyligi 50 yildan oshgan 90 (to‘qson) dona Eron va Afg‘onistonda zarb qilingan tangalar borligi aniqlandi va to‘xtatib qolindi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, madaniy boyliklarning olib chiqilishi, vaqtincha olib chiqilishi mumkinligi to‘g‘risida qarorlarni faqat O‘zbekiston Respublikasining Madaniyat vazirligi qabul qiladi.

Mazkur qonunga ko‘ra, davlat tomonidan muhofaza ro‘yxatlari va reyestrlariga kiritilgan, davlat va jamoat muzeylarida, arxivlarida, kutubxonalarida va boshqa saqlash joylarida doimiy saqlanayotgan, shuningdek, ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: