Fanlar akademiyasida Markaziy Osiyo va Rossiya olimlari ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi

Jamiyat 16:40 / 13.02.2019 2071

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (FA) tashabbusi bilan Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna, Rossiya) Axborot texnologiyalari laboratoriyasi yetakchi olimlari va Markaziy Osiyo tadqiqot va ta'lim tarmog‘i (CAREN) vakillari ishtirokida «Akademik fan va zamonaviy axborot texnologiyalari» mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

FAdan Kun.uz’ga ma'lum qilinishicha, ushbu seminar ilm-fan va ta'lim sohasida axborot texnologiyalaridan amaliy foydalanish hamda asosiy ma'lumotlar bazasini yaratish, yirik ma'lumotlarni (BigData) qayta ishlash va boshqarish masalalariga bag‘ishlandi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

«Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti dunyoda eng mashhur ilmiy markaz bo‘lib, O‘zbekiston olimlari bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalariga ega. Bugungi seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad, rossiyalik va qirg‘izistonlik olimlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, olimlarimiz, yosh tadqiqotchilarimiz, talabalarimizni aynan ilm-fanda axborot texnologiyalaridan foydalanishning imkoniyatlari hamda afzalliklari bilan kengroq tanishtirishdan iborat», - deydi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Sirojiddin Mirzayev.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Shuningdek, seminar ishtirokchilari yuqori tezlikdagi aloqa tizimi sifatida CAREN’ning atrof-muhitni o‘rganishga oid tadqiqotlar, seysmologiya, teletibbiyot, tabiiy va madaniy merosni asrash kabi sohalarda birgalikdagi izlanishlarni rivojlantirish borasidagi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

“Ushbu seminar tashkil etilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshevga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bu seminar o‘zbek olimlari bilan hamkorlik aloqalarining yangi bosqichiga zamin yaratishiga ishonaman”, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi akademigi Asqar Kutanov (CAREN).

Seminar yakunida ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini va texnologik salohiyatni oshirish, shuningdek, fan, texnika, iqtisodiyotda axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.

Ko‘proq yangiliklar: