Shota Arveladze: «G‘alabada muxlislarimizning hissasi katta»

Sport 18:11 / 12.02.2019 9589

Iroqning «Eyr Fors» klubini mag‘lubiyatga uchratib, OChL saralashining 3-bosqichiga yo‘l olgan «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze va hujumchi Marat Bikmayev o‘yindan keyingi matbuot anjumanida uchrashuv haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Muxlislarga katta rahmat aytishni istardim. Ular yaratgan muhitning g‘alabada hissasi katta bo‘ldi. O‘yinni to‘laligicha biz nazorat qildik, deb o‘ylayman. Eng yuqori sport formasida bo‘lmasak-da, ko‘plab vaziyatlar yaratdik. Ulardan yetarli darajada foydalana olmadik, ammo o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani uddaladik. Ikkinchi bo‘limda raqibda birgina imkoniyat bo‘ldi.

Chempionlar ligasiga chiqib, unda munosib qatnasha olamiz, deb o‘ylayman. Tarkibimizda ko‘plab yosh futbolchilar bor. Hamdamov haqida fikrim ijobiy, u zaxiradan tushib, o‘yinni kuchaytira oldi. Yaxshiboyev mashg‘ulotlarda o‘zini ko‘rsatmoqda, bugun qo‘lidan kelgancha jamoa uchun foydali o‘yinchi bo‘lishga intildi. Jasur bundan yuqoriroq saviyada o‘ynay oladi. Shuningdek, Marat Bikmayev va Jaloliddin Masharipovning yuqori klassdagi o‘yinchilar ekani ham bizga juda qo‘l keldi.

Hozir jamoamda kim lider? Butun jamoamiz – lider. Sardorimiz – lider. Marat, Jaloliddin kabilar – bizning yetakchilarimiz. Aynan bir kishi yaqqol lider bo‘lishi shart emas», – dedi gruziyalik mutaxassis.

Arveladzening ma'lum qilishicha, jarohati bor futbolchilardan hech biri katta ehtimol bilan keyingi haftadagi o‘yingacha tiklanib ulgurmaydi. Bugungi uchrashuvda Akrom Komilov, Sardor Sobirxo‘jayev va Marko Simich jarohati sabab maydonga tusha olmagan edi.

O‘z navbatida, hujumchi Marat Bikmayev ham mavsumning ilk o‘yini uchun stadionga kelgan klub muxlislariga minnatdorchilik bildirdi.

«Bizni qo‘llab turgan muxlislarga tashakkur aytaman. Bu biz uchun juda muhim. Istagan narsamizga erisha olganimizdan xursandmiz.

«Paxtakor»ga qaytganimdan xursandman, bu yerda meni juda iliq kutib olishdi. Bolaligim ham shu klubda o‘tgan», – dedi Bikmayev.

Eslatib o‘tamiz, «sherlar» Chempionlar ligasi guruh bosqichiga chiqish uchun saralashning so‘nggi bosqichida BAAning «Al-Nasr» klubidan ustun kelishi kerak. Ushbu uchrashuv 19 fevral (keyingi seshanba) kuni Dubayda bo‘lib o‘tadi. Juftlik g‘olibi «D» guruhiga tushadi, bu kvartetdan «Persepolis» (Eron), «Al-Sadd» (Qatar) va «Al-Ahli» (Saudiya Arabistoni) klublari o‘rin olgan.

Ko‘proq yangiliklar: