Ishtixondagi mahalla aholisi tuman mutasaddilaridan norozi. Ahvol haqiqatdan ham achinarlimi?

Jamiyat 15:51 / 11.02.2019 16003

Biror hududda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish avvalo hududdagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etishdan boshlanadi. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa aholi uchun qulay sharoit yaratish, ular yashayotgan hududni shaharsozlik talablariga moslashtirishdir.

Ammo bu jarayonda ayrim hollarda mahalliy hokimliklar va aholi o‘rtasida turli tushunmovchiliklar, nizolar kelib chiqayotgani ham bor gap.

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Ishtixon tumani, «Jo‘ra Mahmudov» mahallasidagi ko‘pqavatli uylarda yashovchi aholidan kelib tushgan murojaat aynan shu mazmunda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish uchun Ishtixon tumaniga yo‘l oldik va ushbu mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Biz yashayotgan ko‘pqavatli uylar oldidagi hududda ehtiyojimiz uchun omborxona, tandirxona, hojatxonalar va boshqa qurilishlarni amalga oshirgandik. Xonadonlarda yetarli sharoit yo‘qligi uchun bir necha yillardan buyon ulardan foydalanib kelardik. Tuman mutasaddilari 2018 yil sentabr oyida noqonuniy qurilish vaji bilan ularni buzib tashladi. O‘sha vaqti tuman mutasaddilari ularning o‘rniga bolalar maydonchasi, umumiy hojatxonalar va aholi ehtiyoji uchun zarur qurilishlarni amalga oshirishga va'da bergandi. Oradan shuncha vaqt o‘tdi hamki, bu va'dalar bajarilmadi. Na o‘chog‘imiz bor, na tandirxonamiz. Xonadonlarda sharoit yo‘q. Kanalizatsiya eng katta muammo. Buzilgan qurilishlar o‘rnida xunuk manzara qoldi, xolos. Uylar orasidagi ko‘chalar abgor holatda. Eshitishimizcha, endi bu yerda tadbirkor tomonidan xususiy bolalar bog‘chasi qurilar ekan. Tuman hokimligidan vakillar kelib, bog‘cha quriladigan joyni ham bir necha marta ko‘rib ketishdi. Axir, bizga boshqa va'dalar berilgandi. Ammo endi bizning gaplarimizga quloq solishayotgani yo‘q. Bu yerda aholi ehtiyoji uchun boshqa zarur obektlar qurilishi kerak edi», – deydi mahalla aholisi.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham ko‘pqavatli uylar oldidagi noqonuniy qurilishlar buzib tashlangan. Umumiy hojatxonalar qurilishi hali yakuniga yetmagan. 6 va 8-uylar orasida buzilgan noqonuniy qurilishlar o‘rnida obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi sababli hududda xunuk manzara yuzaga kelgan.

Mahalla aholisi e'tirozlari qanchalik to‘g‘ri?

Ushbu savolga javob olish uchun Ishtixon tumani hokimligida tuman mutasaddilari bilan uchrashdik.

«Ushbu mahalladagi ko‘p qavatli uylar oldidagi noqonuniy qurilishlar obodonlashtirish va zamonaviy obektlar qurish maqsadida buzilgan. Aholi o‘zlarining ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan tandirxona, o‘choqxona, omborxona qurilishini istamoqda. Hozirda umumiy hojatxonalarning qurilishi yakunlanmoqda. Albatta, qolganlari ham belgilangan tartibda quriladi. Ammo 6 va 8-uylar orasida 70 sotixga yaqin yer bor. Aholi aytayotgan obektlar qurilsa ham o‘rtada 30 sotix yer qoladi. Biz o‘sha yerga xususiy maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishini rejalashtirgandik. Ammo aholi bu loyihaga norozilik bildirdi. Axir, shu yerda maktabgacha ta'lim muassasasi qurilsa, shu aholining farzandlari uchun-ku?! Afsuski, buni aholiga tushuntirolmadik», – deydi Ishtixon tumani hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari Umid Islomov.

Maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishi borasida tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ahmad Hasanov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Haqiqatan ham hududda tadbirkor tomonidan xususiy maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishi rejalashtirilgan edi. Mahalla aholisi norozilik bildirib, turli tashkilotlarga shikoyat qilgani uchun bu loyihani boshqa hududda amalga oshirishni rejalashtirmoqdamiz», – deydi hokimlik mutasaddisi.

Maktabgacha ta'lim muassasasi qurilmas ekan, unda hududda qachon obodonlashtirish va zarur qurilish ishlari amalga oshiriladi?

Ishtixon tuman hokimligi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Kamoliddin Nasriddinovning bizga taqdim etgan hujjatiga ko‘ra, mahalla hududida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish tumanning 2019 yilgi manzilli dasturiga kiritilgan.

Ushbu hujjatga ko‘ra, hududda bolalar maydonchasi qurilishi, irrigatsiya tizimini ta'mirlash, ko‘pqavatli uylar yo‘laklariga beton qoplamalar yotqizish va bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

Tuman mutasaddilarining ta'kidlashicha, bu ishlar tez kunlarda boshlanadi.

O‘rganishimiz davomida mahalliy hokimlik va aholi o‘rtasida nizo ayrim tushunmovchiliklar sababli kelib chiqqanligiga amin bo‘ldik. Hududda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bu hujjatda ham o‘z aksini topgan. Ammo mahalla aholisi bu jarayonning boshlanishini kutib, oxiri umidini uzgan va turli tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

O‘ylaymizki, tuman hokimligi mutasaddilari bu borada mahalla aholisi bilan muloqot qilib, yetarlicha tushuntirish ishlarini olib boradi. Shundagina aholining mahalliy hokimlik vakillariga asossiz ishonchsizlik bildirilishiga barham beriladi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: